Chrome – eng «ochofat» brauzer, lekin siz uning «nafsini jilovlay» olasiz!

  •   DiMaX
  •  3882
  •  14.04.2020 17:20

Chrome – eng «ochofat» brauzer, lekin siz uning «nafsini jilovlay» olasiz!

Google kompaniyasining Chrome ilovasi – eng ommabop, lekin tizim resurslarini, tezkor xotirani va protsessor kuchini eng ko‘p talab etuvchi brauzer. Sababi – unda ochilgan har bir varaqa (vkladka) alohida jarayon bo‘lib, kompyuterga (ayniqsa nisbatan eski va hamyonbop qurilmalarga) katta yuklama soladi.

O‘QING: Qaysi brauzerlar katta «operativka» talab etmaydi?

Lekin bu dasturning kompyuterni «og‘irlashtirib» tashlashida unga qo‘shimcha o‘rnatilgan kengaytmalar (rasshireniya) sabab bo‘lishi ham mumkin. Umuman olganda, Chrome kengaytmalari tezkor xotiradan gigabaytlab oy egallashi va protsessorning kuchini xarjlashi mumkin. Shu boisdan ularning ortiqcha, shubhalilarini o‘chirib turish kerak.

Buning uchun Chrome dasturini ochib, Shift+Esc tugmachalar birikmasini bosasiz – shunda Windows’ning emas, balki brauzerning «Vazifalar dispetcheri» – «Dispetcher zadach» chiqadi. Unda aynan qaysi varaqalar va kengaytmalar kompyuterga og‘irlik solib turgani yaqqol aks etadi.

Shu yerdan qarab, eng «ochofat» kengaytma hamda varaqalarni ko‘zdan kechirasiz. Orasida shubhalilari yo sizga hozir keraksizlari bo‘lsa – uni o‘chirib qo‘yasiz.

O‘QING: Google Chrome’da jonga teguvchi bildirishnomalarni butkul o‘chirib qo‘yamiz

Endi esa brauzer tomonidan resurslar sarflanishini kamaytirishning samarali usuliga o‘tamiz. Uning manzil qatoriga chrome://flags deb yozasiz (yoki shu yerdan nusxalab olib tashlaysiz) va Enter’ni bosasiz. Shunda Chrome eksperimental funksiyalari sahifasi ochiladi. Bu yerdan Heavy Ad Intervention bandini topib, uning holatini Enabled qilib qo‘yasiz va Chrome’ni bir o‘chirib-yoqasiz.

Google ushbu opsiyani ochilishi og‘ir bo‘lgan reklamalarni bloklash uchun maxsus ishlab chiqqan. Mazkur funksiya qaysi reklamaning ochilishi kompyuterga, xususan, tezkor xotiraga katta yuklama solishini aniqlab, uni bloklab qo‘yadi. Natijasi esa sizga ko‘p tomonlama foyda – kompyuter resurslaridan tashqari vaqtingiz va asabingiz, yana trafigingiz ham tejaladi.

Heavy Ad Intervention tajribaviy funksiyasi brauzerning so‘nggi – Chrome 80.0 talqinida joriy etilgan. Agar sizdagi eksperimental funksiyalar sahifasida u ko‘rinmasa, brauzeringizni yangilab olib, o‘sha sahifaga qaytadan kirib ko‘ring.

O‘QING: Internetdagi kuzatuvchilardan himoya qiluvchi eng ishonchli brauzer qaysi?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!