Chrome xavfli ekan, Google uni tezda yangilashingizni tavsiya etyapti!

  •   DiMaX
  •  1658
  •  09.03.2019 15:49

Chrome xavfli ekan, Google uni tezda yangilashingizni tavsiya etyapti!

Google mutaxassislari Chrome brauzerining himoyasida jiddiy «tuynuk» borligini payqab qolishdi. Xakerlar ushbu zaiflik orqali foydalanuvchilarning maxfiy ma’lumotlariga kira olishlari mumkin ekan.

O‘QING: Google Chrome endi parolingiz o‘g‘irlanganligini tekshirib beradi

Ma’lum bo‘lishicha, muhofaza tirqishini fevralning oxirlarida aniqlashgan. Bu – FileReader to‘plamidagi nosozlik bo‘lib, saytlar u orqali cheklovni aylanib o‘tib, foydalanuvchining qurilmasidagi ma’lumotlarni o‘qishi mumkin ekan. Nafaqat o‘qish, balki hatto unga ziyonkor dasturlarni yuklash va xuddi aslidagidek ma’mur (administrator) huquqi bilan boshqa profil ochish imkoni ham bo‘lar ekan.

Tag‘in, ushbu zaiflik Chrome’ning barcha platformalar: Android, iOS, macOS, Linux va Windows uchun ishlab chiqilgan dasturlarida mavjudligi ta’kidlanmoqda.

Xakerlar mazkur nosozlikdan foydalanib sizning smartfoningiz, planshet, kompyuter yoki noutbukingizga kirishlarini istamasangiz, Chrome’ni tezda yangilab oling, demoqda Google. Odatda mazkur brauzer avtomatik yangilanish xususiyatiga ega, ammo ko‘pchilik foydalanuvchilar uning bu funksiyasini o‘chirib qo‘yishadi. Shu bois ham xavfsizlik patchlarining mavjudligini tekshirish va ularni o‘rnatib olish kerak.

Barqaror va xavfsiz ishlashi uchun Chrome brauzerining versiyasi kamida 72.0.3626.121 bo‘lishi lozim.

O‘QING: Chrome’ni sekinlashtirayotgan reklama va viruslardan osongina qutulamiz!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.