Ekin maydonlarimiz endi dronlar yordamida monitoring qilinadi

  •   DiMaX
  •  1022
  •  12.03.2019 12:29

Ekin maydonlarimiz endi dronlar yordamida monitoring qilinadi

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi endilikda tomorqalarni va fermerlarning ekin maydonlarini dronlar yordamida monitoring qiladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi ma’lum qilgan.

O‘QING: «Yashil» yo‘lakdan dron "omadli" o‘tolmadi

Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 oktyabrdagi «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda, deyiladi xabarda.

Unda kengash, tegishli vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklar qishloq xo‘jaligi ekinlarining to‘liq va sifatli ekilishini, agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini zamonaviy o‘lchov vositalari, jumladan, uchuvchisiz uchish apparatlaridan (dronlardan) foydalangan holda doimiy monitoring qilib borish belgilangan edi.

– Ayni vaqtda kengash o‘z mablag‘lari hisobidan ikkita uchuvchisiz uchish apparati (dron) xarid qilish choralarini ko‘rmoqda, – deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutaxassisi Ilhom Soliyev. – Shu maqsadda «Geoinovatsiya markazi» davlat unitar korxonasi bilan hamkorlikda uchuvchisiz uchish qurilmalarini boshqarish uchun xodimlarni tanlash, qurilmalarni ta’mirlash va texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini tashkil etish ishlari boshlab yuborildi.

Qayd etish joizki, uchuvchisiz uchish apparati (dron) yordamida yurtimizdagi mavjud 4.5 milliondan ortiq xonadonning 435.3 ming gektar ekin yeridan foydalanish jarayoni o‘rganiladi. Unga ko‘ra, yerlardan samarasiz foydalanayotgani aniqlangan xonadonlarga ogohlantirishlar beriladi.

O‘QING: O‘zbekistonda drondan noqonuniy foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda