Ekrani «tirqish»li Galaxy S10 yana ikki jihatiga ko‘ra rekord o‘rnatyapti!

  •   DiMaX
  •  1815
  •  27.11.2018 11:07

Ekrani «tirqish»li Galaxy S10 yana ikki jihatiga ko‘ra rekord o‘rnatyapti!

Samsung yaqinda o‘zining Galaxy A8s smartfoni birinchi «teshik»li Infinity-O displeyga ega bo‘lishini ma’lum qilgandi. Ammo xitoylik raqibi undan ilgarilab ketgani haqida ham yozganmiz.

O‘QING: Samsung yana dog‘da qoldi: «tirqish»li ekranga ega smartfonni allaqachon xitoyliklar chiqarib ulgurishdi! («jonli» surat)

Endi esa internetda kompaniyaning navbatdagi flagmani – Galaxy S10 dizaynini qisman aks ettiruvchi surat tarqaldi. Unga ko‘ra, ushbu smartfon ham xuddi Galaxy A8s singari, displeyining yuqori chap burchagida «tirqish»li ekan.

Manbalarning xabar berishicha, old kamera uchun Galaxy A8s ekranida «ochilgan tirqish» 6,7 millimetrlik o‘lchamga ega. Galaxy S10 modelida esa undan 2-3 millimetrga ixchamroq «teshik» bo‘ladi. Ammo flagmanning bir necha talqinda chiqayotganini hisobga olsak, ulardan qay biri Infinity-O dizayniga ega bo‘lishi hozircha noma’lum. Bu tekis ekranli, nisbatan arzon Galaxy S10’da bo‘lishi aniq, deyishyapti; tag‘in boshqa versiyalariga ham joriy etilishi mumkin.

O‘QING: Galaxy S10’lardan tashqari, Samsung yana 5G’da ishlovchi olti kamerali yubiley flagmanini ham tayyorlamoqda!

Shuningdek, kecha insayderlar bergan xabarga ko‘ra, Samsung Galaxy S10’ning eng ilg‘or konfiguratsiyali modeli yana bir jihatdan rekord o‘rnatyapti. Ya’ni, u tezkor xotirasining hajmi 12 gigabaytni tashkil etuvchi dunyodagi ilk smartfon bo‘ladi! Ayni damda esa bu borada yetakchi Xiaomi Mi Mix 3 modeli bo‘lib turibdi.

Ammo Galaxy S10’ning rekordi uning 12 gigabaytlik «operativka»si bilangina cheklanib qolmaydi. Manbaga ko‘ra, ushbu flagmanning doimiy xotirasi ham misli ko‘rilmagan darajada – naq 1 terabaytlik hajmga ega! Aytish kerakki, janubiy koreyalik texnogigant yaqinda butun boshli iPad narxida yangi, rekord hajmli microSD-karta chiqargan edi.

Bulardan tashqari, ayni shu model 5G-modulga hamda to‘rtta ob’yektivli asosiy kameraga ham ega bo‘lishi kutilmoqda. Samsung mazkur flagmanini hali rasman taqdim etilmagan, ammo AnTuTu’da mutlaq rekord o‘rnatgan Snapdragon 8150 protsessori bilan chiqarishi ham allaqachon ma’lum.

Eslatib o‘tamiz, ushbu kompaniyaning turli rusumlardagi smartfonlarini Terashop.uz internet do‘konimizda 899 000 so‘mdan boshlangan narxlarda xarid qilish mumkin.

O‘QING: Chegirmali Samsung smartfonlarining Terashop.uz’dagi narxlari (2018 yil 21 noyabr) – xaridingiz O‘zbekiston bo‘ylab bepul yetkaziladi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!