EKSKLYuZIV VIDEOTEST: 10 gigabaytlik «operativka»ning smartfon tezligiga qanday foydasi bor?

  •   DiMaX
  •  1366
  •  14.12.2018 15:42

EKSKLYuZIV VIDEOTEST: 10 gigabaytlik «operativka»ning smartfon tezligiga qanday foydasi bor?

Galaxy S10’ning eng ilg‘or konfiguratsiyali modeli yana bir jihatdan rekord o‘rnatyapti – u tezkor xotirasining hajmi 12 gigabaytni tashkil etuvchi dunyodagi ilk smartfon bo‘ladi! Ayni damda esa bu borada yetakchi Xiaomi Mi Mix 3 modeli bo‘lib turibdi – u 10 gigabayt «operativka»li ilk smartfondir.

O‘QING: Ekrani «tirqish»li Galaxy S10 yana ikki jihatiga ko‘ra rekord o‘rnatyapti!

Xo‘sh, bunchalik katta tezkor xotira smartfonning samaradorligiga, ya’ni ishlash tezligiga qanchalik hissa qo‘shadi o‘zi? Android Authority nashri xodimlari shunga aniqlik kiritish maqsadida test o‘tkazib ko‘rishdi va uning videosini internetga chiqarishdi.

Xitoylik smartfonsozning oktyabr oyi so‘ngida taqdim etilgan OnePlus 6T flagmani 6 va 8 gigabaytlik «operativka»ga ega konfiguratsiyalarda ishlab chiqarilgan. Joriy hafta boshida esa uning maxsus varianti – 10 GBlik tezkor xotiraga, yanada tezkor quvvatlanish texnologiyasiga va korpusning yangicha rangiga ega bo‘lgan OnePlus 6T McLaren Edition modifikatsiyasi ham namoyish qilindi. Android Authority xodimlari testda aynan shu OnePlus kompaniyasining uchta rusumdagi smartfonlarini sinab ko‘rishgan.

«Jonli» samaradorlik sinovi uchun tanlangan uchta smartfon ham bir xil – sakkiz yadroli Snapdragon 845 protsessori bazasida ishlaydi. Ularning farqi «operativka»sida: oddiy OnePlus 6 va OnePlus 6T modellarining tezkor xotiralari 8 gigabaytlik bo‘lsa, OnePlus 6T McLaren Edition modifikatsiyasida u 10 gigabaytlik.

O‘QING: VIDEO: 549 dollarlik OnePlus 6T tezkorroqmi yoki 749 dollarlik iPhone XR?

Sinov maqsadida har uchala smartfonda ham qurilmadan real sharoitda foydalangandagi samaradorlikni baholovchi Speed Test G benchmarki bir vaqtda ishga tushirilgan. Testning barcha bosqichlarida OnePlus 6T McLaren Edition modeli raqiblaridan bir lahzagina vaqtga ilgariladi, ammo yakunida ularning barchasi vazifani bir vaqtda tugallashdi.

Mana, test jarayoni aks ettirilgan videolavhani birga tomosha qilamiz:

Ushbu testda yana bir bor isbotlanganidek, tezkor xotira hajmi smartfonning ishlash tezligiga umuman ta’sir ko‘rsatmaydi, bunga faqatgina protsessor mas’ul. Katta hajmli «operativka»ning foydasi – u fon rejimida ko‘proq ilovalar va brauzer varaqalari ishlab turishini ta’minlab beradi, xolos.

O‘QING: «Yirik «operativka»li smartfon — marketing aldovidir!»

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!