Endi notariusning o‘zi sizga «SMS xabar» yuboradi!

  •   DiMaX
  •  838
  •  22.05.2019 11:11

Endi notariusning o‘zi sizga «SMS xabar» yuboradi!

Adliya vazirligi tomonidan joriy yilning 1 iyunidan notariuslar faoliyatida «SMS xabar» elektron tizimi joriy etilmoqda. Vazirlik bu haqda Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «Adliya bilan muloqot» guruhida xabar bergan.

O‘QING: Bepul huquqiy maslahat beruvchi Advice.uz portali ish boshladi

Qayd etilishicha, «SMS xabar»da ikkita juda muhim ma’lumot bo‘ladi:

Birinchisi, xabarda notarial harakatlar uchun mijoz tomonidan amalga oshirilgan to‘lovning aniq miqdori ko‘rsatilgan bo‘ladi. Ya’ni, notariat xodimi talabiga asosan yoki kassada mijoz tomonidan to‘langan pul miqdorini SMS xabarda ko‘rsatilgan qonuniy to‘lovlar miqdori bilan solishtirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Ma’lumot uchun: bugungi kunda notarius xizmatlari uchun davlat boji, pullik xizmat va boshqa to‘lovlar elektron tizim orqali avtomatik ravishda shakllantiriladi, ya’ni bu jarayonda inson omili ishtirok etmaydi. Shuning uchun, har bir mijoz to‘lovlarni kompyuterda shakllantirilgan va belgilangan ko‘rinishdagi kvitansiya asosida amalga oshirishi lozim. Bu esa, to‘lovlarning 100 foiz davlat hisob raqamiga o‘tkazilishini kafolatlaydi. SMS xabar mijoz to‘lagan pulning qonuniy miqdorini yana bir marta tekshirish va hotirjam bo‘lish imkonini beradi.

Ikkinchisi, notarial harakatni oxiriga yetkazish uchun SMS xabar orqali to‘rtta raqamli kod mijozning telefoniga yuboriladi. Notarius ushbu tasdiqlovchi kodni elektron tizimga kiritgandan so‘nggina notarial harakatni amalga oshirishni rasman yakunlashga ruxsat etiladi.

Bunda ushbu kod notarial harakatni amalga oshirish uchun kalit vazifasini bajaradi.

O‘QING: Ilk bor internet orqali uyni o‘g‘irlashdi – elektron raqamli imzo yordamida!

Haqli savol tug‘iladi: Uyali telefoni yo‘q shaxslar bu yangilikdan qanday foydalanadi?

Bugungi kunda uyali telefoni yo‘q kishilar jamiyatimizda juda ozchilikni tashkil qiladi. Agar bunday holat bo‘lsa, mijozning biror qarindoshi yoki tanishining telefoni orqali ushbu xabarni olishi va tasdiqlovchi kodni notariusga aytishi orqali notarial harakatni amalga oshirishi mumkin. Shunday shaxslar ham topilmagan holda, istisno tariqasida notariat idorasi xodimlari telefon raqamidan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi. Respublikadagi barcha xodimlarning telefonlari oldindan bazaga kiritilgan bo‘ladi. Notariat idorasi xodimi telefon nomeridan foydalanilganda, elektron tizimga alohida belgi qo‘yiladi va adliya organlari tomonidan aynan bir xil telefon nomerlar qayta-qayta ishlatilgan holatlarda avtomatik tizim yordamida doimiy nazorat qilib boriladi.

«SMS xabar» elektron tizimidan kutilayotgan natija:

  1. Notarial idoralarda korrupsion holatlar bartaraf etilishiga sezilarli ta’sir qiladi.
  2. Notariuslar tomonidan ortiqcha pul undirish imkoniyatini keskin cheklaydi (chunki har bir mijoz qonuniy qancha pul to‘langanini bilib oladi).

Agar mijozdan ortiqcha to‘lov undirilganligi aniqlansa, shu zahoti Adliya vazirligining «1008» ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilish, bu haqda shikoyat qoldirish yoki notariusning o‘ziga tafovut sababi yuzasidan qat’iy va juda noqulay savolni berish mumkin bo‘ladi.

Xabarda yana quyidagicha ta’kidlanadi: Adliya vazirligi notariat tizimida noqonuniy to‘lovlarga batamom chek qo‘yish uchun bel bog‘lagan. Buning uchun, siz bizga ko‘makchi bo‘lishingiz va o‘z huquqlaringizni poymol qilinishiga yo‘l qo‘ymasligingiz mumkin. Buning yo‘li juda oddiy: har bir notarial harakatni amalga oshirishda albatta sizga kvitansiya berilishini talab qiling va faqat shu kvitansiyaga asosan to‘lovni amalga oshiring. Shunda siz hech qachon aldanmaysiz. Endi esa, to‘lovingiz miqdorini maxsus SMS xabar orqali tasdiqlab ham olish imkoniyatingiz paydo bo‘ladi.

O‘QING: Oliy o‘quvga hujjatlarni onlayn topshiramiz!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.