Ertagayoq taqdim etilayotgan Huawei Mate X buklama 5G-smartfoni: «jonli» surat, ilg‘or jihatlar va narxi

  •   DiMaX
  •  1687
  •  23.02.2019 12:11

Ertagayoq taqdim etilayotgan Huawei Mate X buklama 5G-smartfoni: «jonli» surat, ilg‘or jihatlar va narxi

Huawei kompaniyasi MWC 2019 ochilishi oldidan ertaga – 24 fevralda Barselonada matbuot anjumani o‘tkazmoqda. Unda taqdim etiladigan buklama devaysning nomi Mate X ekanligi aniqlandi.

O‘QING: RASMAN: Huawei buklama 5G-smartfonini MWC 2019’da ko‘rsatadi! (+video)

Weibo ijtimoiy tarmog‘ida esa tadbirga tayyorgarlik jarayonidan «jonli» olingan insayderlik surati tarqaldi. Unda mazkur inqilobiy gadjetning bir nechta rakursdan olingan rasmi va nomi ko‘rsatilgan.

Huawei Mate X modelining Samsung Galaxy Fold qurilmasidan farqlari ushbu suratda yaqqol namoyon bo‘lgan: uning ikkinchi ekrani yo‘q, korpusning o‘zi displey tashqarida qoladigan qilib bukiladi.

O‘QING: Nihoyat, Samsung ikki ekran va olti kamerali Galaxy Fold buklama smartfonini taqdim qildi! (+video)

Huawei Mate X diagonaliga 8,05 dyuymlik, BOE kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan displeyga ega (Samsung Galaxy Fold ekrani esa – 7,3 dyuymlik). Xitoylik texnogigant ushbu modelidan bu yil 200 ming dona ishlab chiqarishi aytilmoqda.

Bundan tashqari, Huawei ijrochi direktori Yuy Chendun (Yu Chengdong) kuni kecha mazkur smartfon haqida ayrim ma’lumotlarni bergan. Jumladan, beshinchi avlod uyali aloqa tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlovchi ushbu devaysning hali yana bir nechta «maxfiy syurpriz»lari ham bor.

Insayderlar bergan yangi ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya Huawei Mate X modelini shunchaki flagman emas, balki superflagman sifatida taqdim etadi. Bu qurilma M-Pen stilusi, shuningdek, bukiluvchi ekranga moslashtirilgan yangicha versiyadagi EMUI grafik qobig‘i bilan ta’minlanadi.

Huawei Mate X yakka kristalli Kirin 980 protsessori, ikkita akkumulyator, 10 GB tezkor va 512 GB ichki xotiraga ega bo‘lishi kutilayotir. Shuningdek, unga 1490 AQSh dollari atrofida narx belgilanishi ham aytilmoqda.

O‘QING: Huawei buklama smartfonida qo‘llanuvchi displeyni BOE «jonli» videoda ishlatib ko‘rsatdi!