Ertagayoq Xiaomi yana bir smartfonni taqdim etadi!

  •   DiMaX
  •  1593
  •  10.07.2017 18:24

Ertagayoq Xiaomi yana bir smartfonni taqdim etadi!

11 iyul kuni Xiaomi navbatdagi smartfonini namoyish etmoqchi. Bu haqda Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi Xiaomi Store sahifasida kompaniyaning o‘zi xabar bergan, deb yozadi GizmoChina sayti.

Joriy yilning birinchi yarmi mazkur kompaniya uchun juda barakali keldi – u ko‘plab smartfon modellarini taqdim etdi va o‘tgan chorak yakunlariga ko‘ra rekord darajada savdolarni amalga oshirdi. Yilning boshida – CES 2017 tadbirida u Xiaomi Mi Mix smartfonining oq rangli yangi versiyasini namoyish etdi. Undan keyin esa ketma-ket yangi modellar – bir nachta variantlardagi Redmi Note 4X, Mi 5C va Redmi 4X smartfonlarini chiqardi. Bu taqdimotlarning kulminatsiyasi esa yangi flagman – Xiaomi Mi 6 smartfonining namoyish etilishi bo‘ldi. To‘g‘ri, yaqindagina chiqarilgan Mi Max 2 ham o‘ziga yarasha xaridorlarini topmoqda.

Endi esa, ertaga Xiaomi navbatdagi yangi smartfonini taqdim etmoqchi, bu gadjeti «yangi mavsum» – ikkinchi yarim yillikni boshlab berayotir.


Xabarda aytilishicha, taqdim etilajak smartfon katta ekranga, DDR4 turidagi 6 gigabaytlik tezkor xotiraga hamda 4000 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega. Uning «yuragi» bo‘lib Snapdragon 800 chipi xizmat qiladi. 22 megapikselli kamerasi esa 4K formatida video yozishga qodir.

Weibo tarmog‘idagi Xiaomi Store sahifasida shu haqdagi reklama tasviri berilgach, ko‘p o‘tmasdan unda qisqa videorolik ham e’lon qilindi, unda smartfonning boshqa tafsilotlari ham oshkor etilgan.

Unga ko‘ra, Xiaomi’ning bu sirli smartfoni Snapdragon 800 turkumidagi yakkakristalli platformaga ega. Uning tezkor xotirasi  DDR4, ichki xotirasi esa UFS turiga mansub, ammo uning hajmi aytilmagan. Shuningdek, lavhada ulkan displey, himoyali 3D-shishadan bo‘lgan korpus haqida ham gap bor. Qurilmada 4G modemi, USB Type-C porti, NFC simsiz interfeysi, infraqizil port hamda tezkor quvvatlash texnologiyasi ham mavjudligi ta’kidlangan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, gap Xiaomi Mi 6 Plus modeli haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin. Chunki 3D-shishadan yasalgan korpus – «oddiy» Xiaomi Mi 6 modelining asosiy o‘ziga xosligidir. Shu bilan birga, kodli nomi Chiron bo‘lgan yana bir yangi qurilmani ham esdan chiqarmasligimiz lozim.

Bizdan uzoqlashmang – ertagayoq buning tagiga yetamiz!