Yetakchi smartfonsozlar uddalay olmagan texnologiyani Meizu qoyillatdi!

  •   DiMaX
  •  2509
  •  06.03.2018 13:18

Yetakchi smartfonsozlar uddalay olmagan texnologiyani Meizu qoyillatdi!

Meizu kompaniyasining o‘tgan yilgi Pro 7 hamda Pro 7 Plus smartfonlari orqa panelda ham ekranga ega edi, ammo ularning savdosi kutilganidek bo‘lmadi. Shu boismikan, ishlab chiqaruvchi endi o‘zining yangi qurilmalarida boshqacha texnologiyalarga asosiy e’tiborni qaratdi.

O‘QING: DxOMark Meizu Pro 7 Plus kamerasini imtihon qildi

Ma’lum bo‘lishicha, Meizu hali hech kim uddalay olmagan yangi texnologiyaga qo‘l uribdi va buning uddasidan chiqibdi. Mazkur korporatsiya olgan va kuni kecha internet kengliklarida tarqalgan patentlar chizmalari shundan dalolat berib turibdi.

Xabaringiz borki, hozirda ko‘pchilik ishlab chiqaruvchilar korpusining old panelini butkul egallab oluvchi, mutlaqo romsiz ekranga ega smartfon yaratishga zo‘r berayotirlar. Ammo bunday ekranga ega qurilmaning selfi-kamerasi va boshqa tegishli datchiklarini qayerga joylashtirish muammosi bunga to‘g‘anoq bo‘lmoqda.

To‘g‘ri, bu borada turli smartfonsozlar tomonidan o‘zgacha yechimlar ham ishlab chiqilmoqda. Masalan, Doogee Mix 4 smartfonida ekran paneli pastga suriladi va bu datchiklar uning orqasidagi asosiy korpusda joylashgan. Doogee Mix 3 modelida hamda Bluboo S2 smartfonida esa asosiy kameraning o‘zi korpusning ustiga «qayrilib» chiqadi va selfi olishga xizmat qiladi. Shuningdek, hali taqdim etilmagan Xiaomi Mi Mix 2S ekrani old panelni butunlay egallagan va uning rasmlarida selfi-kamera ham ko‘rinmaydi, balki bu ob’yektiv displeyning ostiga yashirilgandir.

O‘QING: «Boshqacha» Xiaomi Mi Mix 2S’ni har ikki tomonidan «jonli» tomosha qilamiz!

Xullasi kalom, Meizu muhandislari allaqachon buni uddalashgan – uning yangi gadjetida old kamera va boshqa tegishli sensorlar displeyning tagiga yashirilgan! Ekrani esa smartfon yuzining naq 99 foizini egallagan.

Meizu kompaniyasi patentlashtirgan yangi smartfonning displeyiga uchta datchik integratsiya qilingan, bular – old kamera (1), yorug‘likni sezuvchi sensor (2) hamda yaqinlashuv datchigi (3). Shu uchta datchiksiz birorta zamonaviy telefon to‘laqonli ishlay olmasligi ma’lum.

Aftidan, Meizu bu yangi qurilmasining displeyi asosini AMOLED-matritsa tashkil etsa kerak. Patentda yozilishicha, ekranning o‘zi grafendan ishlangan. Bu material shaffof bo‘lib, undan yorug‘lik bemalol o‘tadi va tegishli uchta datchikka yetib boradi.

Garchi korporatsiya muhandislari mazkur texnologiyani uddalashgan bo‘lsa-da, bunday ekranning bitta kamchiligi ham mavjud. Ya’ni, smartfon ekrani ish holatida bo‘lganida, ya’ni biror kontentni aks ettirayotganida, undagi piksellarning nuri atrofdagi tabiiy yorug‘likka ham ta’sir etadi. Bu esa atrofning yoritilganligini sezib ishlovchi sensorlarning faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadi.

Xullasi kalom, Meizu’ning mutlaqo romsiz displeyi ostiga datchiklar yashirilgan smartfoni hali takomillashtirishga muhtoj va yaqin bir yil ichida iste’molchilar bozoriga chiqarilishi dargumon, deyishmoqda mutaxassislar. Ammo xitoylik korporatsiya shu texnologiyani qurilmaga joriy etganining o‘ziyoq katta gap.

O‘QING: Meizu yoki Xiaomi: kimning smartfoni yaxshiroq?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!