«Fazoviy kema» uzra dronlar parvozi Apple’ga yoqmayapti (+video)

  •   DiMaX
  •  1370
  •  13.07.2017 11:39

«Fazoviy kema» uzra dronlar parvozi Apple’ga yoqmayapti (+video)

Eng nomdor kompaniyalardan bo‘lmish Apple’ning fazoviy kema shaklidagi yangi kampusi qurilishi jarayoni ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘lib kelayotir. Nihoyat, yangi shtab-kvartirani deyarli qurib bitkazishdi, biroq 12 ming nafar xodimi bilan yangi ish joyiga ko‘chib o‘tish uchun Apple’ga yarim yil kerak bo‘ladi.

Ammo hozir kompaniyaning yangi shtab-kvartirasi bilan bog‘liq boshqa masalalar ham qo‘zg‘alayotir. Gap shundaki, uning barpo etilishi mobaynida shunchaki qiziquvchilar videokamerali dronlar yordamida qurilish jarayonlaridan lavhalar suratga olishgan, ularni internetda ulashishgan. Endi esa havaskor tasvirchilar bu borada to‘siqqa duch kelishmoqda.

YouTube’dagi DroneOneMedia kanalida yaqinda e’lon qilingan videolavhada Apple kampusi qurilishining yakuniy bosqichi aks ettirilgan. Shu bilan birga, videobloger rolikka matnli izoh berib, endi bu ob’yektdan videotasvirlar olish qiyinlashganini yozgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi rolikni suratga olayotganida uning yoniga Apple xavfsizlik xizmati xodimi kelgan. Xodimning tushuntirishicha, uning asosiy vazifasi – kompaniya kampusi yonida hech kim dron uchirmasligini nazorat qilib borish ekan. U havaskor tasvirchiga, agarda hoziroq dronini tushirmasa, politsiya chaqirishini aytgan. Dronni havodayoq urib tushirishmaganiga shukur qilib, egasi uni qo‘ndirib olgan.


Qizig‘i shundaki, Apple kampusi ustidagi havo hududi dronlar parvozi taqiqlangan joy sifatida ro‘yxatga olinmagan. Bu o‘rinda Apple xavfsizlik xizmati xodimi qanday asosga ko‘ra harakat qilganligi noma’lum. Videobloger esa u bilan tortishib o‘tirishni va politsiya ro‘yxatiga tushib qolishni istamagan va dronini uchirishdan voz kechib qo‘yaqolgan.

Demak, buning birgina sababi bor: «fazoviy kema» devorlari ortida allaqachon maxfiy ishlar boshlab yuborilgan va kimdir dronga o‘rnatilgan videokamera orqali bunga nazar solishini Apple istamaydi.

 Ehtimol, kelajakda kompaniya mazkur kampusning dronlar parvozi taqiqlangan joy sifatida ro‘yxatga kiritishga erishar, aks holda hali bu borada yana muammolar kelib chiqsa kerak.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!