«Flagmanlar kushandasi qaytdi!» – Poco F2 Pro kutilganidan arzon narxda taqdim etildi!

  •   DiMaX
  •  3782
  •  13.05.2020 12:11

«Flagmanlar kushandasi qaytdi!» – Poco F2 Pro kutilganidan arzon narxda taqdim etildi!

Xiaomi korporatsiyasi avvalroq Pocophone’ni mustaqil brend tarzida ajratgan va uning ikkinchi smartfonini taqdim etgan edi. Mazkur arzon qurilma Pocophone X2 (Poco X2) deb nomlangan, ammo brendning flagmani Pocophone F2 (yoki Poco F2) nomi bilan chiqishi kutilayotgan edi.

O‘QING: Uzoq kutilgan Pocophone F2 hafsalani pir qildi! (+«jonli» rasmlar)

Kecha – 2020 yilning 12 may sanasida Poco brendi vakillari rasmiy onlayn anjuman o‘tkazishdi. Unda namoyish qilingan smartfon, avval ham yozganimizdek, Xitoyda taqdim qilingan smartfon – Redmi K30 Pro modelining qayta nomlangan versiyasi bo‘lib chiqdi. Ammo kompaniya uni kutganimizdek Poco F2 emas, balki Poco F2 Pro deb atagan va faqat Hindiston bozori uchun ems, balki global bozorga chiqaryapti. Quvonarli jihati – «Flagmanlar kushandasi qaytdi!» shiori bilan taqdim etilgan mazkur smartfon avvalgi xabarlarda aytilganidan ancha arzon sotilar ekan!

Poco F2 Pro diagonaliga 6,67 dyuymlik, Full HD+ formatidagi Sumer AMOLED ekranga ega. Old kamera korpusdan chiqadigan mexanizmga joylangani bois, displeyda kemtik yoki tirqish ochishga hojat qolmagan. Kadr yangilanish chastotasi 60 gersni tashkil etuvchi ekranga barmoq izi skaneri ham integratsiya qilingan.

O‘QING: Eng zo‘r o‘nta hamyonbop smartfon (AnTuTu global reytingi, 2020 yil aprel)

Flagmanni eng kuchli Snapdragon 865 protsessori hamda 128 va 256 gigabaytlik hajmlardagi eng so‘nggi – UFS 3.1 toifali doimiy xotiralar bilan ta’minlashgan. Tezkor xotira borasida Poco F2 Pro ikki xil versiyada chiqadi: 6 GBlik LPDDR4X hamda 8 GBlik LPDDR5 chiplari.

Xiaomi vakillari namoyish chog‘ida uning xususiyatlarini eng nufuzli flagmanlardan bo‘lmish Samsung Galaxy S20+ hamda OnePlus 8 Pro bilan taqqoslab ko‘rsatishdi. Ko‘rinib turibdiki, hatto narxini hisobga olmaganda ham Poco F2 Pro raqiblaridan ustun.

Xullasi kalom, korpusida boshqa brend yozuvi tushirilganini aytmasa, Poco F2 Pro barcha xususiyatlariga ko‘ra Redmi K30 Pro bilan bir xil; ularni esa mana bu xabarimizda ko‘rib chiqishingiz mumkin. Xiaomi uni to‘rt xil – kul rang, oq, ko‘k va binafsha rang korpuslarda chiqarmoqda.

Narxiga kelsak, 6 gigabaytlik tezkor va 128 gigabaytlik doimiy xotiraga ega bo‘lgan Poco F2 Pro uchun 499 yevro so‘rashmoqda. Tezkor/ichki xotirasi tegishlicha 8/256 gigabaytligi uchun esa 599 yevro to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Darvoqe, Poco F2 Pro eng so‘nggi – Android 10 operatsion tizim talqini ustiga qurilgan MIUI 11 grafik qobig‘iga ega.

O‘QING: RASMIY RO‘YXAT: MIUI 12’gacha yangilanuvchi 32 modeldagi smartfon