Galaxy A71 taqdim etildi: protsessori kuchli, o‘zi katta, yupqa va yengil smartfon

  •   DiMaX
  •  3391
  •  13.12.2019 10:03

Galaxy A71 taqdim etildi: protsessori kuchli, o‘zi katta, yupqa va yengil smartfon

Janubiy koreyalik texnogigant kecha – 12 dekabr kuni Galaxy A51 smartfonini namoyish etgandi. Shu bilan birga, u yana Galaxy A71 modelini ham taqdim qildi.

O‘QING: Samsung uchta arzonlashtirilgan smartfonini ertaroq chiqaryapti

Galaxy A71 o‘zining «ajdod»i – Galaxy A70 modelidan sezilarli darajada kuchli ishlangan. Bulardan birinchisida Snapdragon 675 protsessori qo‘llangan bo‘lsa, yangi smartfon ancha baquvvat Snapdragon 730 chipsetiga asoslangan.

Tezkor xotira hajmiga ko‘ra 6 va 8 gigabaytlik variantlarda chiqariladi, doimiy xotira esa har ikkalasida ham bir xil – 128 gigabaytlik. Ekran avvalgi o‘lchamida qolgan – 6,7 dyuymlik va Full HD+ formatli, biroq bu endi 32 megapiksellik selfi-kamera uchun tirqishli, ya’ni Infinity-O paneldir.

Galaxy A71 bosh kamerasida asosiy modul sifatida 64 megapiksellik sensor tanlangan. Qolgan datchiklari xuddi Galaxy A51 modelidagi singari – 12 MPlik keng burchakli, 5 MPlik chuqurlik sensori va 5 MPlik makrokamera.

O‘QING: Samsung kompaniyasi 108 MPlik kamera borasida Xiaomi’ni boplagan ekan!

Yangi smartfon akkumulyatori 4500 mA/soatlik bo‘lib, 25 vattlik texnologiya asosida quvvatlana oladi. Korpus o‘lchamlari 163,6x76x7,7 millimetrga teng bo‘lib, 179 gramm tosh bosadi; ya’ni Galaxy A71 katta, lekin yupqa va birmuncha yengil chiqqan.

Galaxy A71 ham Galaxy A51 kabi, qora, oq, ko‘k va pushti korpuslarda taklif etiladi. Samsung bu modelning narxini hamda sotuvga chiqish vaqtini ma’lum qilmagan. Lekin Galaxy A70 (sotib olish) o‘z vaqtida taxminan 450 dollardan sotila boshlaganini hisobga olsak, Galaxy A71 ham shundan arzon bo‘lmaydi; bu narx bilan uning ommalashuvi shubha ostida.

O‘QING: Galaxy A51, A71, A81 va A91 smartfonlarining narxlari ma’lum bo‘ldi!