Galaxy A80 taqdim etildi: aylanuvchi kamera, yangi Snapdragon 730 chipi va... yuqori narx! (+video)

  •   DiMaX
  •  18939
  •  11.04.2019 12:52

Galaxy A80 taqdim etildi: aylanuvchi kamera, yangi Snapdragon 730 chipi va... yuqori narx! (+video)

Samsung kompaniyasi, kutilganidek, kecha – 10 aprelda o‘zining Galaxy A turkumidagi eng zo‘r smartfonini namoyish etdi. Dastlabki xabarlarda ushbu qurilma nomi Galaxy A90 bo‘lishi aytilgan esa-da, Galaxy A80 modeli sifatida taqdim qilindi.

O‘QING: Navbatdagi «jonli» surat Galaxy A90 (yoki Galaxy A80) smartfonining yana bir jihatini fosh etdi

Yangi devays taqdimotida Samsung hozirgi yoshlar orasidagi trendni «Jonli efirlar erasi» deb atagan va ushbu modeli mazkur davrning yetakchi smartfoni bo‘lishini ta’kidlagan.

Shunday qilib, Galaxy A80 haqiqatan innovatsion qurilma bo‘lgan, ayniqsa – kamerasi. Avvalo, u uchta moduldan iborat bo‘lib, asosiy datchik aniqligi 48 megapiksellikdir. Ta’kidlash kerakki, Galaxy A turkumida bunday kuchli optik modulni Samsung ilk bora shu modelda qo‘llagan. Ushbu sensor F/2,0 diafragmali ob’yektivga ega. Kameraning 8 MPlik ikkinchi moduli 123 darajalik – o‘ta keng burchakli ob’yektiv bilan joylangan. Uchinchi datchigi esa uch o‘lchamli 3D ToF-kamera hisoblanadi.

Qolaversa, Galaxy A80 kamerasi shunday tuzilganki, odatiy holida u bosh kamera sifatida xizmat qiladi, ammo korpusdan ko‘tarilib chiquvchi blok yordamida selfi olish uchun ham xizmat qiladi.

Mana, buni quyidagi videoda ko‘ramiz:

Mazkur kamera «ongli» funksiyalar bilan ham ta’minlangan: «Tasvirni optimallashtirish», suratga olishning 30 xilgacha turli sahnalarini qo‘llab-quvvatlash, rasmga tushirishdan avval «nuqsonlarni aniqlash»...

Xullas, Galaxy A80 kamerasi professional DxOMark servisida qanaqa natija ko‘rsatishini kutamiz – u kamida selfi-kameralar reytingida yetakchi bo‘lishi tayin.

O‘QING: DxOMark selfi-kameralarni tekshira boshladi: eng zo‘r 12 ta selfifon bilan tanishing!

Selfi-kamera masalasi o‘zgacha yechim topgach, Samsung muhandislari Galaxy A80 korpusining old yuzasini deyarli butunlay displeyga bag‘ishlashgan. Super AMOLED matritsali, 6,7 dyuymlik displeyning tasvir aniqligi 2400x1080 piksellik bo‘lib, daktiloskop ham bevosita uning o‘ziga integratsiya qilingan. Ekran atrofidagi hoshiyalar hatto Galaxy S10 flagmanidagidan ham yupqa – Samsung uchun rekord darajada!

Samsung Galaxy A80 modeli shu kunning o‘zidagina rasman e’lon qilingan yap-yangi chip – 8 nanometrlik Qualcomm Snapdragon 730 protsessoriga ega ilk smartfondir. Uning tezkor xotirasi 8, doimiy xotirasi esa 128 gigabaytlik bo‘lib, qo‘shimcha xotira kartasi uchun joy ajratilmagan.

Korpus tuzilishining asosiy o‘ziga xosligi – metall rom hamda unga har ikki tomonidan biriktirilgan shisha bo‘lib, o‘lchamlari 165,2x76,5x9,3 millimetrga teng. Unda quloqchin uchun 3,5 millimetrlik standart audiotirqish yo‘q, lekin zamonaviy USB-C porti hamda kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC-chip mavjud. Tabiiyki, ushbu smartfon Android 9.0 Pie operatsion tizim talqini boshqaruvi ostida ishlaydi va unga One UI interfeysi o‘rnatilgan.

Galaxy A80 simsiz quvvatlash texnologiyasiga ega emas, biroq 3700 mA/soatlik akkumulyatori o‘z quvvatlagichidan 25 vattlik texnologiyada tezkor zaryadlana oladi. Samsung’ning ta’kidlashicha, bu smartfon batareya quvvatini sarflashni «oqilona» tarzda optimizatsiya qila oladi.

Samsung yaqindagina o‘zining hamyonbop Galaxy J smartfonlar turkumini Galaxy A seriyasiga ko‘chirganini ma’lum qilgandi. Ammo uning ushbu smartfonini arzon deb bo‘lmaydi, hattoki o‘rta narli deyish ham qiyin. Galaxy A80’ni janubiy koreyaliklar naq 650 yevrodan boshlangan narxlarda bozorga chiqarishadi! Lekin savdolar bir yarim oydan so‘ng – 29 maydan boshlanadi; uni qora, tillarang va kumushrang korpuslarda taklif etishadi.

Bizning Terashop.uz internet-do‘konimizda esa 451 000 so‘mdan boshlanuvchi turli rusumlardagi Samsung telefonlarini onlayn usulda sotib olish mumkin.

O‘QING: RASMAN: Samsung hamyonbop turkumidagi smartfonlarini endi ishlab chiqarmaydi! (+video)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!