Galaxy S21 hamda Galaxy S21+ taqdim etildi: videosi, narx va jihatlari

  •   DiMaX
  •  7174
  •  15.01.2021 10:22

Galaxy S21 hamda Galaxy S21+ taqdim etildi: videosi, narx va jihatlari

Samsung kompaniyasi kecha – 14 yanvar kuni o‘zining Galaxy Unpacked 2021 taqdimot tadbirini o‘tkazdi. Marosimning eng kutilgan qahramonlari, tabiiyki, Galaxy S21 turkumidagi flagman smartfonlar bo‘ldi.

O‘QING: Galaxy A32 namoyish qilindi: Samsung’ning eng arzon 5G-smartfoni!

Umumiy jihatlari ko‘proq

Standart talqindagi Galaxy S21 flagmani hamda uning Galaxy S21+ versiyasi tashqi qiyofasi bilan ham, xususiyatlariga ko‘ra ham o‘zaro o‘xshash, ammo baribir farqlari bor. Har ikkalasi romsiz ekranli, displey tepa qismining qoq o‘rtasida old kamera uchun tirqish ochilgan.

Flagmanlarning old paneli boshqa aksariyat smartfonlardan aytarli farq qilmaydi, lekin orqa tarafi o‘zgacha ishlab chiqilgan. Aniqrog‘i – ularning kamera blogi korpusning asosiy yuzasidan bo‘rtib chiqib turishi hamda rangiga ko‘ra farqlanishidan tashqari, yon qirraga «singishib» ketgan.

Galaxy S21 hamda S21 Plus kameralar jamlanmasi bir xil: birinchi sensor 12 megapiksellik (f/1.8) bo‘lib, tasvirni optik barqarorlashtirish (OIS) texnologiyasiga ega. Ikkinchisi esa 64 MPlik telefoto moduli (f/2.0) bo‘lib, uni OIS hamda 3 karralik gibrid zum bilan ta’minlashgan. 12 megapiksellik uchinchi datchik (f/2.2) bo‘lsa o‘ta keng burchakli (ko‘rish burchagi 120 daraja) ob’yektiv bilan birlashtirilgan. Fotochaqnoq esa kamera blogidan tashqariga joylangan. Selfilar uchun har ikkala modelda 10 megapiksellik, f/2.2 diafragmali datchik qo‘llangan.

Samsung yangi qurilmalarini eng zo‘r protsessorlar – Snapdragon 888 yoki Exynos 2100 (sotiladigan hududiga ko‘ra) bilan ta’minlagan. Ularning tezkor/ichki xotira konfiguratsiyalari ham bir xil – flagmanlar 8/128 GB hamda 8/256 gigabaytlik variantlarda taklif etiladi. Ularda xotira kartasi uchun slot ham, quloqchin uchun standart audiotirqish ham yo‘q.

Flagmanlarning barmoq izi skanerlari ekranga integratsiya qilingan, displey yuzasiga eng mustahkam – Gorilla Glass Victus himoya shishasi yotqizilgan. Ular Android 11 operatsion tizimi ustiga qurilgan eng yangi – One UI 3.1 grafik qobig‘i bilan taqdim etilgan. Tabiiyki, flagmanlar 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi va kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC chipiga ega.

Samsung ushbu smartfonlarini yangi – Phantom Violet tusli korpusda ham chiqargan. Flagmanlar korpusi IP68 standartiga ko‘ra chang va suvdan himoyalangan – ular bir yarim metrlik suv tubida yarim soatgacha jon saqlay oladi.

O‘QING: Suv tubida sakkiz oy jon saqlagan smartfon o‘z egasini ham hayratga soldi!

Farqi faqat narxida emas

Bazaviy modeldagi flagman Galaxy S21 diagonaliga 6.2 dyuymlik Dynamic AMOLED 2X displey bilan jihozlangan. Unda kadr yangilanish chastotasi kontentga bog‘liq holda 48 gersdan to 120 gersgacha sozlanadi. Ekranda tasvir aniqligi 1080x2400 piksellik bo‘lib, u HDR10+ texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Samsung Galaxy S21+ modelining sherigidan asosiy farqi – ekranining o‘lchami kattaroq, ya’ni diagonaliga 6.7 dyuymlik ekanligidir. Displeyning qolgan jihatlari standart flagmannikidan farq qilmaydi.

Galaxy S21 avtonomligiga 4000 mA/soatlik akkumulyator mas’ul bo‘lib, u 25 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega. Shuningdek, flagman simsiz usulda 15 vattlik tezkor zaryad ola biladi, yana reversiv zaryadka – boshqa gadjetlarga quvvat uzatish xususiyatiga ega. Galaxy S21+ batareyasining tok sig‘imi bo‘lsa 4800 mA/soatlik; uning ham boshqa xususiyatlari standart model akkumulyatori bilan bir xil.

Bazaviy modeldagi Galaxy S21 korpus rangiga ko‘ra eng keng assortimentda taklif etiladi: Phantom Gray, Phantom White, Phantom Violet va Phantom Pink. Uning sherigi – Galaxy S21+ xaridorlari esa Phantom Black, Phantom Silver hamda Phantom Violet tuslaridan birini tanlashlari mumkin.

Samsung standart flagmani – Galaxy S21 uchun 850 yevrodan boshlanuvchi narxlar belgilagan. Uning «plyusli» versiyasi narxi esa 1050 yevrodan boshlanadi. Ular uchun allaqachon oldindan buyurtma berish mumkin, ochiq savdoga esa flagmanlar 29 yanvardan chiqadi.

O‘QING: Samsung ko‘rinmas kamerali Galaxy Note 21 Ultra’ni videoda ko‘rsatdi!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!