Google eng arzon smartfonlar uchun ham Android 11 taqdim etdi!

  •   DiMaX
  •  1242
  •  11.09.2020 09:45

Google eng arzon smartfonlar uchun ham Android 11 taqdim etdi!

Qidiruv giganti kuni kecha o‘n birinchi avlod mobil operatsion tizimining yakuniy talqinini namoyish qilgan edi. Allaqachon Android 11’gacha yangilanishi aniq bo‘lgan Samsung, OnePlus, Xiaomi, Oppo, Realme, Huawei, Motorola, LG va Nokia smartfonlari ro‘yxati ham chiqqan.

O‘QING: Xiaomi, Redmi, Poco va Black Shark smartfonlaridan qaysilari va qachon barqaror Android 11’gacha yangilanadi?

Standart versiyadagi Android 11 tizimidan so‘ng, Google kompaniyasi uning tezkor xotirasi kichik bo‘lgan arzon smartfonlarga mo‘ljallangan Android 11 Go Edition talqinini ham taqdim qildi.

Aytish kerakki, «qirtishlangan» birinchi Android Go Edition operatsion tizimi 2018 yili namoyish qilingan. Android 11 Go Edition esa uning uchinchi avlodi bo‘lib, ilovalarni o‘tgan yilgi Android 10 Go Edition talqiniga nisbatan 20 foizga tezkor ishga tushira oladi.

Android 11 operatsion tizimining standart talqinida bo‘lgani kabi, uning arzon smartfonlarga mo‘ljallangan versiyasida ham chatlarni boshqarish uchun bildirishnomalar markazida yagona bo‘lim tashkil etilgan.

Yangi avlod – Android 11 Go Edition operatsion tizimida ham xavfsizlikning yangi funksiyalari joriy etilgan; qurilmadan ma’lumot uzatayotganda foydalanuvchi ularni nazorat qilishi osonlashtirilgan. Maxfiylikning yangilangan sozlamalari esa ilovalarga smartfon mikrofoni, kamerasi, GPS va boshqa datchiklaridan foydalanish uchun bir martalik ruxsat berish imkonini yaratgan. Ilova uzoq muddat ishlatilmay tursa, unga berilgan ruxsatlarni avtomatik bekor qilish funksiyasi joriy etilgan. Bulardan tashqari, Android 11 Go Edition imo-ishoralar orqali boshqarishni ham qo‘llab-quvvatlaydi.

 

Google’ning ta’kidlashicha, keyingi oydan Android 11 Go Edition platformasi tezkor xotira hajmi 2 gigabayt va undan kam bo‘lgan barcha yangi smartfonlarda paydo bo‘ladi. Oldingi avlod Android Go tizimlari esa bu ko‘rsatkich 1,5 GB va undan kichik bo‘lar edi.

Dasturchilarning so‘zlariga ko‘ra, Android 11 Go Edition tizimli smartfonlar fon rejimida bir vaqtning o‘zida uch-to‘rt ilovani ishga tushira oladi. Ishlab chiqaruvchilar o‘zlarining kam xotirali smartfonlariga Android 11 Go Edition tizimini o‘rnatishlari majburiy qilib qo‘yilmaydi, lekin tizim ularni qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘QING: Android 11 sizni yana bitta erkinlikdan mahrum etadi!