Google Stadia o‘yin striming servisi hamda Stadia Controller kontrollerini qarshi oling! (+video)

  •   DiMaX
  •  695
  •  20.03.2019 15:46

Google Stadia o‘yin striming servisi hamda Stadia Controller kontrollerini qarshi oling! (+video)

Game Developers Conference 2019 anjumanida Google kompaniyasi yangi mahsulotlarini taqdim etdi. Ulardan biri o‘tgan yili Project Stream nomi bilan test rejimida ishga tushirilgan loyiha, ikkinchisi esa kontrollerdir.

O‘QING: Har qanday qurilma bilan ishlay oladigan Google geympadini tomosha qiling!

Shunday qilib, qidiruv gigantining o‘yin striming servisi Stadia nomi bilan taqdim etildi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, Stadia servisi soniyasiga 60 kadr tezligida, HDR’ni qo‘llab-quvvatlovchi 4K-video bilan ishlay oladi. Kelajakda esa bu ko‘rsatkichlarni 8K hamda 120 k/soniyaga yetkazish rejalashtirilgan.

Google Stadia taqdimotiga bag‘ishlangan videorolikni quyida tomosha qilamiz:

Google so‘zlariga ko‘ra, Stadia an’anaviy PS4 yoki Xbox One kabilarga raqobatchi bo‘lgan yangi o‘yin konsoli emas. Bu – bir qator zamonaviy qurilmalar, jumladan, noutbuklar, desktop kompyuterlar, televizorlar va hatto smartfonlar bilan ham ishlay oladigan «bulutli» servisdir. Asosiy qayta ishlash jarayoni «bulutlar»da amalga oshirilgani sababli, Stadia bilan ishlash uchun bu gadjetlarda qudratli protsessor yoki grafika bo‘lishi ham shart emas.

O‘QING: Kompyuterlar uchun beshta bepul «shohona jang» o‘yini

Shuningdek, Google mazkur tadbirda geymerlar uchun yangi gadjet – Stadia Controller geympadini ham namoyish qildi. Wi-Fi’ni qo‘llab-quvvatlovchi ushbu kontroller «bulut»dagi o‘yinga o‘zi bog‘lanadi. Shuningdek, u server bilan smartfon, planshet yoki televizor orqali emas, balki o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib harakat qiladi.

Stadia Controller’da o‘yin sessiyalarini «ilib olib», YouTube’ga yuklash uchun maxsus tugmacha ham mavjud. Bundan tashqari, Google Assistant «aqlli» yordamchisini chaqirish uchun ham alohida tugmacha o‘rnatilgan.

Google ushbu taqdimot tadbirida Stadia servisining Chrome brauzeri bilan qanday ishlashini ko‘rsatgan. Uni Chromecast orqali televizorda, xrombukda, Chrome OS tizimli planshetda, smartfonda va arzon kompyuterda ishlatib namoyish etishgan.

O‘QING: Ommabop pulli o‘yinlardan biri iOS va Android uchun bepul chiqyapti! (+video)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.