Hali taqdim etilmagan iPhone 8 modelini iPhone 7 bilan taqqoslaymiz (videotavsif)

  •   DiMaX
  •  1645
  •  04.05.2017 11:35

Hali taqdim etilmagan iPhone 8 modelini iPhone 7 bilan taqqoslaymiz (videotavsif)

Shu kunlarda Apple yangi – romsiz iPhone 8 smartfonini chiqarishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi xabarlar internetda ko‘p uchrayapti. Garchi kompaniya «u chetidan bu chetigacha» ekrandan iborat qurilma ishlab chiqarish imkoniyatlarini keyingi bir necha yil mobaynida o‘rganib chiqqan bo‘lsa-da, mazkur rejalar yaxshi ovoza qilinyapti va, nima bo‘lgan taqdirda ham, umuman yangicha devays shu yili taqdim etiladi.

Agarda umumjahon tarmog‘ida tarqalgan – «yashirincha» olingan fotosuratlarga ishonadigan bo‘lsak, Apple allaqachon iPhone 8’ni ommaviy ishlab chiqarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Avvaliga yangi qurilmaning chizmalarini ko‘rdik, keyin esa shu chizmalarga asoslangan smartfon konseptlari e’lon qilindi. Bugun bo‘lsa iPhone 8 real maketining videotavsifini ham ko‘rishga muyassar bo‘lmoqdamiz. Nafaqat tavsifi, balki videoda uning iPhone 7 bilan qiyoslanganligi ham muhim ahamiyatga ega.

Videorolik muallifi – bloger Unbox Therapy ta’kidlashicha, uning qo‘lidagi – haqiqiy iPhone 8’ning maketi. Mazkur qurilma kattaroq ekrani va yangilangan dizayni bilan e’tiborga loyiq. Uning orqa panelida tikka joylashgan kamera moduli ikkita ob’yektivga ega. LED-chaqnoq esa kameraning shu ikki «ko‘z»i orasida joylashgan.

iPhone 8 o‘lchamlari: balandligi 149,5 mm, eni 72,5 mm. Qurilmaning qalinligi esa, kamera moduli bilan birgalikda 8,6 mm.ni tashkil etadi. Taqqoslash uchun uning bitta oldingi «ajdod»i – iPhone 7’ning o‘lchamlarini keltirsak: 138,3×67,1x7,1 mm.

Darvoqe, iPhone 8 modelida Lightning konnektori o‘rniga ikki tomonli USB-C o‘rnatilishi haqidagi mish-mishlar o‘z tasdig‘ini topmadi.

Videolavha muallifi barmoq izi skaneri haqida umuman og‘iz ham ochmagan, ammo shunday ilg‘or gadjetda bu datchik bo‘lmasligi mumkin emas. Smartfonning orqa panelida Touch ID’ni eslatuvchi hech qanaqa texnologik tirqish yo‘qligi, old panelda esa umuman tugmacha mavjud emasligini hisobga olsak, aftidan, biometrik modul bevosita displeyning o‘ziga o‘rnatilgan.

iPhone 8 ekrani atrofida rom yo‘q. Mish-mishlarda aytilganidek, old panelni 5,8 dyuym diagonalga ega sensorli OLED-displey butunlay egallab olgan.

Nima deb o‘ylaysiz, endi iPhone 8’ning rasman taqdim etilishini kutish qoldimi, yoki hali u haqdagi ma’lumotlar yana tarqalarmikan? Nima bo‘lganda ham, barchasidan birinchilar qatorida xabar topish uchun bizdan uzoqlashmang!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.