Hamyonbop 5G-smartfon – Honor X10 namoyish qilindi

  •   DiMaX
  •  3822
  •  20.05.2020 15:56

Hamyonbop 5G-smartfon – Honor X10 namoyish qilindi

Huawei korporatsiyasining Honor brendi bugun – 20 may sanasida o‘zining navbatdagi 5G-smartfonini taqdim etdi. Honor X10 rusumli bu qurilma bestseller bo‘lish uchun barcha imkoniyatlarga ega.

O‘QING: TOP-10: Eng kuchli hamyonbop smartfonlar (AnTuTu reytingi, 2020 yil aprel)

Honor X10 ekrani diagonaliga 6,63 dyuymlik bo‘lib, Full HD+ formatida, ya’ni 2400x1080 piksellik aniqlikda tasvir uzata oladi. Uning kadr yangilanish chastotasi 90 gerslik, sensor qatlamining yangilanish chastotasi esa 180 gersni tashkil etadi.

Smartfonning ekrani korpus old yuzasining 92 foizini egallagan va unda tirqish yoki kemtik yo‘q. Selfi-kamera bo‘lsa korpusning yuqori qirrasidan chiquvchi mexanizmga o‘rnatilgan va undagi datchikning aniqligi 16 megapikselga teng.

Honor X10 bosh kamerasi uch modulli bo‘lib, asosiy datchik sifatida 40 megapiksellik Sony IMX600 sensori (diafragmasi f/1,8) qo‘llangan. Aniqrog‘i, bu – o‘tgan yilgi Huawei P30 Pro flagmanida ishlatilgan kameradir. Yangi smartfonda unga 8 MPlik (diafragmasi f/2,4) o‘ta keng burchakli datchik hamda 2 MPlik (diafragmasi f/2,4) makrokamera hamroh bo‘lgan.

O‘QING: Android’ning umuman keragi yo‘q: Harmony OS va «yashirin kamera»li Huawei Mate 40’ni ilk bor «jonli» ko‘ramiz!

Huawei yangi modelida o‘zining Kirin 820 5G protsessorini qo‘llagan, ya’ni u beshinchi avlod uyali aloqa tarmoqlarida ishlay oladi. Honor X10 tezkor xotirasi 6 va 8, flesh-xotirasi esa 64 va 128 gigabaytlik variantlarda taklif etiladi.

Smartfonning akkumulyatori 4300 mA/soatlik bo‘lib, 22,5 vattlik asosda tezkor quvvatlana oladi. Ishlab chiqaruvchining da’vosicha, Honor X10 batareyasi o‘yin rejimida 11 soatgacha avtonomlikni ta’minlashga qodir.

Qurilma eng yangi – Android 10 operatsion tizim talqini ustiga qurilgan Magic UI 3.1 grafik qobig‘iga ega. Narxlari esa tezkor/ichki xotirasiga ko‘ra quyidagicha:

6/64 gigabaytligi – 267 dollar;

6/128 gigabaytligi – 309 dollar;

8/128 gigabaytligi – 337 dollar.

Honor X10 o‘z vatanida to‘rt xil – ko‘k, qora, zarg‘aldoq va kumushrang tusli korpuslarda 25 may kuni sotuvga chiqadi. Keyinroq uning Huawei Enjoy Z 5G modeli sifatida global bozorga ham taqdim etilishi kutilmoqda.

O‘QING: AnTuTu yangi reytingda har kimning joyini ko‘rsatib berdi (2020 yil may)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.