Hamyonbop Meizu Note 9 taqdim etildi – Redmi Note 7 Pro raqibi kutilganidan boshqacha ekan!

  •   DiMaX
  •  3311
  •  06.03.2019 15:53

Hamyonbop Meizu Note 9 taqdim etildi – Redmi Note 7 Pro raqibi kutilganidan boshqacha ekan!

Xitoyning Meizu kompaniyasi, nihoyat, Meizu Note 9 smartfonining rasmiy namoyishini o‘tkazdi. Aytish kerakki, ushbu model Redmi Note 7 Pro’ning asosiy raqibi bo‘lishi kutilayotgandi.

O‘QING: Redmi Note 7 Pro’ning asosiy raqibi – Meizu Note 9 taqdimoti rasman e’lon qilindi

Qizig‘i shundaki, turli xabarlarda ushbu modelning tashqi ko‘rinishi har xil tasvirlanib kelardi. Kuni kecha kompaniya uning rasmiy suratini e’lon qilgandi, taqdimotda esa u umuman boshqacha bo‘lib chiqdi!

Xullasi kalom, Meizu Note 9 diagonaliga 6,2 dyuymlik, selfi-kamera uchun tomchisimon «kemtik»li ekranga ega. Korpus old panelining 89,23% maydonini egallagan displeyning tasvir aniqligi 2244x1080 pikselga teng.

Smartfonning bosh kamerasi qo‘shaloq – uning asosiy modeli 48 megapiksellik Samsung GM1 datchigi bo‘lsa, ikkinchi optik sensorning aniqligi 5 megapikselni tashkil etadi. Meizu Note 9 selfi ishqibozlariga ham ma’qul tushadi – old kamerasi 20 megapiksellik.

Yangi smartfonning apparat ta’minoti asosini Snapdragon 675 protsessori tashkil etadi. Uni 4 yoki 6 gigabaytlik tezkor, 64 yoki 128 gigabaytlik ichki xotira bilan chiqarishadi. 4000 mA/soatlik akkumulyatori 18 vattlik quvvat bilan tezkor zaryadlana oladi.

O‘QING: Tugmachasiz va tirqishsiz ilk smartfon – Meizu Zero sotuvga chiqdi, narxi esa qo‘rqqulik!

Meizu Note 9 kompaniyaning Flyme 7.2 grafik qobig‘i ostidagi Android 9.0 Pie operatsion tizimi bilan taqdim etildi. Unda an’anaviy 3.5 millimetrlik quloqchin tirqishi ham saqlanib qolgan, yana zamonaviy USB Type-C portiga ham ega. Oq, qora va ko‘k ranglarda taklif etiluvchi korpusning orqa panelida barmoq izi skaneri joylashgan. O‘lchami 153,1x74,4x8,65 millimetrga teng bo‘lib, 169,7 gramm tosh bosadi.

Kompaniya Meizu Note 9 modelini xotira variantlariga ko‘ra quyidagicha narxlagan: 4/64 GBlik – 208 dollar, 6/64 GBlik – 237 dollar, 4/128 GBligi ham – 237 dollar.

Meizu Note 9 modeli Xitoyning o‘zida 11 martdan savdoga chiqariladi, uning boshqa mamlakatlar bozorlariga yetkazilishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Kompaniyaning O‘zbekistonda rasman sotilayotgan aksariyat smartfonlarini esa 770 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda, bir yillik muddatli kafolati bilan Terashop.uz internet-do‘konimizdan sotib olish imkoni bor. Ayniqsa, shu kunlarda mazkur internet-do‘kondan xarid qilsangiz, «Bahor kayfiyati» aksiyasi doirasida yutuqqa ham ega bo‘lishingiz mumkin!

O‘QING: Meizu smartfonlarining Terashop.uz’dagi narxlari (2019 yil 1 mart) – aksiya doirasida yutuq ham bor!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!