Hamyonbop P Smart Z – kamerasi korpusdan chiquvchi ilk Huawei smartfoni rasmiy suratda!

  •   DiMaX
  •  2287
  •  27.04.2019 10:15

Hamyonbop P Smart Z – kamerasi korpusdan chiquvchi ilk Huawei smartfoni rasmiy suratda!

Ekranning butkul romsizligini ta’minlab, old kamerani korpus ichidan chiqadigan mexanizmga joylashtirish smartfonsozlikda trendga aylanmoqda. Xitoylik texnogigantning birinchi shunday modeli esa Huawei P Smart Z deb nomlanayotir.

O‘QING: «Jonli» foto: Xiaomi xodimi kamerasi korpusdan chiquvchi, SD 855 chipli Redmi flagmanini «sotib qo‘ydi»!

Hali taqdim etilmasidan avval Huawei P Smart Z smartfonining asosiy texnik xususiyatlari hamda render suratlari internetda tarqalmoqda. Ularga ko‘ra, mazkur model hamyonbop toifaga mansub bo‘lib, taxminan 210 yevroga narxlanadi. Uning texnik ta’minoti asosini Kirin 710 platformasi hamda 4 gigabaytlik tezkor xotira tashkil etadi. Devaysning doimiy xotirasi esa 64 gigabaytlik bo‘lishi aytilmoqda.

Internetda dastlab bu gadjetning norasmiy render suratlari tarqalgan:

Xabarlarga ko‘ra, Huawei P Smart Z ekranining o‘lchami diagonaliga 6,6 dyuymlik, tasvir aniqligi esa Full HD+ formatida. Smartfonning bosh kamerasi qo‘shaloq – 16 va 2 megapiksellik modullarni o‘z ichiga oladi va sun’iy idrok funksiyalariga ega. Korpusning yuqori qirrasidan chiquvchi old kameraga ham selfi uchun 16 megapiksellik sensor o‘rnatilgan.

O‘QING: Ellikka yaqin Huawei smartfoni EMUI 9.1’gacha yangilanyapti!

Kecha esa taniqli insayder Evan Blass (Evan Blass) ushbu modelning birinchi rasmiy renderini ham e’lon qildi:

Garchi Huawei P Smart Z smartfonining dizayni va texnik jihatlariga Evan Blass to‘xtalib o‘tmagan bo‘lsa-da, bu borada undan avval tarqalgan xabarlar orqali ma’lumotlarga egamiz. Ya’ni, ushbu qurilmaning o‘lchamlari 163,5x77,3x8,9 millimetrga teng, vazni esa 197 grammni tashkil etadi. Xitoylik texnogigant unga anchagina baquvvat – 4000 mA/soatlik akkumulyator o‘rnatyapti.

Sifatli rasmiy renderi va batafsil ma’lumotlari chiqib ulgurganiga qaraganda, Huawei P Smart Z tez orada taqdim etilsa kerak. Terashop.uz internet-do‘konimizda esa allaqachon ushbu kompaniyaning ayrim smartfonlarini 825 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda sotib olish imkoni bor.

O‘QING: Google va Huawei bu smartfon egalarining har biriga 400 dollardan to‘laydi!