Honor Play 4 va Play 4 Pro chiqdi: flagman protsessorli eng arzon va o‘yinbop 5G-smartfonlar!

  •   DiMaX
  •  683
  •  04.06.2020 14:18

Honor Play 4 va Play 4 Pro chiqdi: flagman protsessorli eng arzon va o‘yinbop 5G-smartfonlar!

Huawei kompaniyasi yaqinda dunyodagi eng arzon 5G-smartfonEnjoy Z 5G modelini taqdim etgan edi. Endi esa uning subbrendi 5G tarmog‘ida ishlovchi, geymerlarga mo‘ljallangan Honor Play 4 hamda Honor Play 4 Pro modellarini namoyish etdi.

O‘QING: Google Play’dan naq 16 ta o‘yinni bepul olishga ulguring! (tayyor havolalar)

Honor Play 4 – atigi 253 dollarlik 5G-smartfon

Yangi geymerofonlarning standart vakili 6,81 dyuymlik IPS-displeyga ega, uning tasvir aniqligi Full HD+ formatida, ya’ni 2400x1080 piksellik. Ekranning yuqori chap burchagida 16 megapiksellik old kamera uchun tirqish o‘yilgan.

Honor bu smartfoni uchun tayvanlik chipsoz – MediaTek kompaniyasining Dimensity 800 protsessorini tanlagan. Samaradorlikni ta’minlashda unga 6 yoki 8 gigabaytlik tezkor xotira yelkadosh bo‘ladi. Smartfonning ichki xotirasi esa har ikkala holatda ham 128 gigabaytlik. Akkumulyatorning tok sig‘imi 4300 mA/soatlik bo‘lib, 22,5 vattlik texnologiya asosida tezkor quvvat oladi.

Honor Play 4 bosh kamerasi to‘rttalik: asosiy sensori 64 megapiksellik (f/1.89), keng burchakli sensori 8 MPlik (f/2.2) bo‘lib, yana har biri 2 megapiksellik chuqurlik datchigi va makrokamera mavjud. Uning 6/128 GBlik tezkor/ichki xotirali varianti 253 dollarga, 8/128 gigabaytligi esa 281 dollarga baholangan.

O‘QING: O‘rta narxli smartfonlar TOP-o‘ntaligi (AnTuTu reytingi, 2020 yil may)

Honor Play 4 Pro – kuchli chipli eng arzon geymerofon

Nomida «Pro» qo‘shimchali smartfon esa nisbatan ixchamroq – 6,57 dyuymlik IPS-ekran, Full HD+ formati (1080x2400 piksel). Uning selfi-kamerasi ham displey «tuynugi» ga joylangan, lekin qo‘shaloq – 32 + 8 MPlik.

Honor Play 4 Pro xitoylik texnogigantning flagman protsessori – Kirin 990 5G chipseti bazasidagi eng arzon smartfondir. Uni tezkor/doimiy xotira hajmiga ko‘ra bir xil – 8/128 gigabaytlik modifikatsiyada chiqarishyapti. Batareyasi 4200 mA/soatlik bo‘lib, 40 vattgacha tezkor zaryadlanishga qodir. Mazkur modelning «ini»sidan yana bir farqi – NFC moduliga ham ega.

Standart model kvadrokamerali bo‘lsa, Pro-versiyaning bosh kamerasida ikkitagina datchik qo‘llangan. Ularning asosiysi – 40 megapiksellik Sony IMX600 RYYB sensori bo‘lsa, ikkinchisi – 8 megapiksellik telefotomodul 3 karralik optik zumga ega.

Honor Play 4 Pro’ning yana bir o‘ziga xosligi – bu smartfon haroratni o‘lchovchi infraqizil datchikli variantda ham taqdim etilgan. Mazkur modul nafaqat tana issiqligini, balki turli ob’yektlar (suv, ovqat, xonadagi havo...) haroratini ham o‘lchashga qodir.

Huawei bu smartfonini ayni shu datchik bor-yo‘qligiga qarab ikki xil – 408 va 422 dollarlik narxlarda sotadi. Honor Play 4 modelini 12 iyundan bozorga chiqarishadi, Pro-versiyani esa xitoyliklar 9 iyundanoq olishlari mumkin bo‘ladi.

Haar ikkala smartfonning barmoq izi skaneri korpusning yon qirrasiga – o‘chirish-yoqish tugmachasiga joylangan. Ular Android 10 operatsion tizim talqini ustiga qurilgan Magic UI 3.1 grafik qobig‘iga ega.

O‘QING: Smartfonda nechta va qanday datchiklar bo‘ladi?