Huawei’ning niyati jiddiy: u Mi Band 3 «kushanda»sini tayyorladi!

  •   DiMaX
  •  1565
  •  28.08.2018 13:06

Huawei’ning niyati jiddiy: u Mi Band 3 «kushanda»sini tayyorladi!

Taqiluvchi gadjetlar borasida eng so‘nggi va ilg‘or modellardan biri, shubhasiz, Mi Band 3 smart-brasletidir. Xiaomi uni may oyining so‘ngida, o‘zining yubiley flagmanlar turkumi taqdim etilgan tadbirda namoyish qilgandi.

O‘QING: Millionlab insonlar kutgan Mi Band 3 taqdim qilindi

Ammo bu yo‘nalishda «xitoycha Apple»ning yetakchiligiga yaqin orada chek qo‘yiladigan ko‘rinadi. Zero, uning vatandoshi – Huawei kompaniyasi Honor Band 4 rusumli «aqlli» bilaguzugini tayyorlaganini ma’lum qildi.

Xitoylik texnogigant bu haqda Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi o‘zining rasmiy blogi orqali e’lon qilgan. Unga ko‘ra, Honor Band 4 smart-bilaguzugining rasmiy taqdimoti 5 sentyabrda Sian shahrida bo‘lib o‘tadi.

Honor Band 4’ni ikki xil – oddiy va «Running Edition» nomli sport versiyalarida xarid qilish imkoni bo‘ladi. Shu ikkinchisi betakror xususiyatga ega bo‘lishi – GPS moduli bilan ham ta’minlanishi kutilmoqda. Shuningdek, Honor Band 4 Running Edition nafaqat qo‘lga, balki oyoqqa yoki kiyim ustidan ham taqilishga moslanadi. Zero, qish kunlari fitnes-braslet qalin kiyimlar ostida qolib ketsa, unga qarash noqulaylik tug‘dirishi tabiiy.

O‘QING: Mi Band 3 «kushandasi» sotuvga chiqdi!

Har ikkala modifikatsiyadagi Honor Band 4 bilaguzugi ham NFC moduli bilan ta’minlanadi. IP68 standartiga ko‘ra himoyalangan mazkur gadjet 50 metrgacha suv ostiga sho‘ng‘iganda ham ishlayveradi. Bulardan tashqari, mazkur treker sensor ekranga hamda amallarni tasdiqlash uchun maxsus tugmachaga ham ega bo‘lishi kutilmoqda.

Umuman olganda, ushbu devays Xiaomi Mi Band 3 «kushandasi» tarzida maydonga tushadi. Kuzatuvchilar uning narxi 45 AQSh dollarigacha bo‘lishini aytishmoqda – anig‘ini endi kelasi haftadayoq bilib olamiz, bizdan uzoqlashmang.

O‘QING: Xiaomi Mi Band 3 sotuvga chiqdi – barcha xususiyatlarini bilib oling va unga buyurtma bering!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!