Huawei va Xitoyning boshqa texno-kompaniyalari uchun viza cheklovlari joriy etildi

  •   DiMaX
  •  300
  •  16.07.2020 13:02

Huawei va Xitoyning boshqa texno-kompaniyalari uchun viza cheklovlari joriy etildi

AQSh davlat departamenti Xitoyning texnologik kompaniyalari ishchilari uchun viza cheklovlarini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Davlat departamentining ma’lum qilishicha, bu kompaniyalar inson huquqlarining buzilishida ishtirok etayotgan mamlakatlar rasmiylariga yordam ko‘rsatmoqda. Bu haqda «Interfaks» xabariga asoslanib Daryo nashri yozmoqda.

O‘QING: Koronavirus uchun Xitoyga qarshi qasos sifatida TikTok’ni bloklashmoqchi!

«Davlat departamenti dunyodagi inson huquqlarining buzilishida ishtirok etgan rejimlarga moddiy yordam ko‘rsatgan Xitoy texnologik kompaniyalarining ayrim xodimlariga vizani cheklaydi», – deyiladi AQSh davlat kotibi Maykl Pompeoning bayonotida.

Ta’kidlanishicha, mazkur cheklov Huawei kompaniyasi uchun ham qo‘llaniladi.

 «Dunyodagi telekommunikatsiya kompaniyalari e’tiborga olishlari kerak: agar siz Huawei bilan ishlasangiz, u holda siz inson huquqlarini buzuvchilar bilan ishlayotgan bo‘lasiz», – dedi Pompeo.

2019 yilda Vashington Huawei’ni AQShning milliy xavfsizligiga tahdid soladigan kompaniyalar ro‘yxatiga qo‘shgan va shuning uchun Xitoy telekommunikatsiya uskunalari ishlab chiqaruvchisi bilan ishlash uchun AQSh kompaniyalari tegishli litsenziyalarni olishi kerak.

O‘QING: Balki ishonmassiz, lekin Huawei ketma-ket ikkinchi oy smartfon bozorida yetakchi bo‘ldi!

Shu bilan birga, AQSh Yevropa va boshqa ittifoqchilarni Huawei bilan hamkorlikdan voz kechishga ishontirishga harakat qilmoqda.

Avvalroq Britaniya hukumati Huawei’ning 2027 yilgacha Buyuk Britaniyada 5G tarmoqlarini joylashtirishda ishtirok etishini taqiqlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilgan. Ommaviy axborot vositalarining ta’kidlashicha, AQSh prezidenti Donald Tramp va uning ma’muriyati xavfsizlikka bog‘liq xavf-xatarlar sababli ko‘plab mamlakatlarni Huawei bilan ish tutmaslikka ishontirgan.

O‘z navbatida, Pekin 15 iyul kuni Buyuk Britaniyani Xitoy kompaniyalariga qarshi AQSh bilan til biriktirganlikda aybladi.

Buyuk Britaniyaning Sky News telekanali ma’lum qilishicha, Londonning bunday qarorga kelishiga AQShning Huawei kompaniyasiga nisbatan may oyida joriy qilgan sanksiyalari sabab bo‘lgan. O‘shanda Vashington Huawei’ni Amerika texnologiyalari asosidagi kompyuter chiplaridan foydalanish huquqidan mahrum qilmoqchi bo‘lgan. Natijada Huawei ishonchsiz chiplardan foydalanishni boshlaydi, degan qo‘rquv paydo bo‘ldi. Oqibatda Buyuk Britaniyaning Milliy kiberxavfsizlik markazi Huawei tizimlarining mamlakatga potensial tahdidlari borligi haqida xulosaga kelgan.

O‘QING: Google hamda Apple monopoliyasiga Huawei qattiq zarba berdi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.