Ijtimoiy tarmoqlarda tark etishingiz lozim bo‘lgan o‘nta odat

  •   DiMaX
  •  2646
  •  02.10.2019 13:29

Ijtimoiy tarmoqlarda tark etishingiz lozim bo‘lgan o‘nta odat

Wise Bread nashri kishi ijtimoiy tarmoqlarda o‘ziga nisbatan salbiy taassurot uyg‘otishi mumkin bo‘lgan odatlarni e’lon qilgan. Garchi u asosan o‘ttiz yosh atrofidagi kishilarga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, ko‘pchiligimizga kerak bo‘ladi, degan fikrda, qisqartirib o‘girgan holda e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

O‘QING: Ijtimoiy tarmoqda siz yo‘l qo‘yadigan 5 xato

  1. Ishingizdan nolish

Ijtimoiy tarmoqdagi sahifangiz – ko‘nglingizga kelgan narsani yozib tashlayveradigan shaxsiy makon emas, balki ko‘pchilik ko‘radigan devoringizdir. Uni sizning xizmatdoshlaringiz, rahbariyat vakillari, shuningdek, hamkorlaringiz va mijozlaringiz ham kuzatib borishini yodda tutish lozim. Ishingizdan, rahbaringizdan yoki mijozlardan nolib yozgan postingiz sizning karerangiz uchun salbiy ahamiyat kasb etadi.

  1. Alkogolga «ishqiboz»ligingizni namoyon etish

Butilkani quchoqlab tushilgan suratlar sizning «shinavanda» ekaningizni ko‘rsatishdan tashqari, atrofingizdagilarda sizga nisbatan ishonchni pasaytiradi. Bu yerda gap faqat ishdan ajralish haqida ketmayapti, balki umuman kishilar sizni boshqacha tasavvur qila boshlashadi, jiddiy odam emas ekan, degan xayolga borishadi.

  1. Moddiy boylik bilan maqtanish

Siz nufuzli butiklardan olgan qimmatbaho brendlarga mansub tovarlarning, ular qadoqlarining suratini tomosha qilib o‘tirish, «ketvorgan» mashinangiz rulida, shveysar soatlarini taqib olgancha tushgan rasmlaringizni ko‘rish hech kimga qiziq emas. Birinchidan, bu zerikarli. Ikkinchidan – qimmatbaho xaridlaringizdan boshqa ham faxrlanishga arzigulik biror nimangiz bordir? Uchinchidan, bunday postlar boshqalarning hasadini qo‘zg‘ashi mumkin. To‘rtinchidan, talonchilar, tovlamachilar va firibgarlar o‘zlarining «o‘lja»larini ijtimoiy tarmoqlarda aynan shunaqa suratlariga qarab tanlashadi.

O‘QING: OGOH BO‘LING: FaceApp foydalanuvchilari – firibgarlar nishonida!

  1. Sobiq sevgililaringizni ta’qib etish

Tushunishingiz kerak – allaqachon aloqani uzgan «sobiq»larning endi o‘z hayoti, o‘z do‘st va yaqinlar davrasi bor. Siz ularning postlariga g‘azabnok izohlar yozib, e’tirozlar bildirib yoki so‘kinib yurishingiz esa ojizlik belgisidir. O‘zingiz uchun ham buning foydasi yo‘q – toki o‘tmish bilan o‘ralashib yuraverar ekansiz, kelajakka qadam bosa olmaysiz.

  1. Nikneym bilan niqoblanish

Ijtimoiy tarmoqdagi profilingiz – sizning virtual yuzingizdir. Uni do‘stlaringiz, hamkasblaringiz, farzandlaringizning o‘qituvchi va tarbiyachilari ko‘rishadi. O‘shanda o‘z ism-familiyangiz o‘rniga qanaqadir nikneym turgan bo‘lsa, anglashilmovchilik yuzaga keladi. Shuningdek, ism-sharifi o‘rniga turli nikneymlar qo‘yib olganlar odatda shaxs darajasiga yetishmagan, o‘ziga ishonchi bo‘lmagan kishilar yoki shunchaki trollar bo‘ladi.

O‘QING: O‘zbekistondagi «trollar fabrikasi»ning dovrug‘i Oksford universitetigacha yetib bordi!

  1. O‘yinlarga takliflar tarqatish

Sizning virtual o‘yindagi fermangizdan hosil terishga, poygada siz bilan bellashishga va boshqa o‘yinlarni birga o‘ynashga hech kim ishqiboz emas, ishonavering. Shuning uchun o‘yinlarga taklifnomalarni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatishni to‘xtating. Ba’zida bunday axborotlar sizning profilingizdan avtomatik tarzda tarqaladi, buning oldini olish uchun sozlamalarga qarab qo‘ying.

  1. Tanishlaringizni ogohlantirmasdan chatlar va guruhlarga qo‘shish

Bu shunchaki tarbiyasizlikdir. To‘g‘ri, turli hamjamiyatlarda yoki chatlarda imkon qadar ko‘proq odam to‘plashni xohlashingiz mumkin, ayniqsa – bundan daromad ko‘radigan bo‘lsangiz. Lekin avvalo o‘sha tanishlaringizning ham istagini hurmat qilishingiz kerak: guruh yoki chatga qo‘shishdan avval albatta bu haqda o‘ziga yozing, uni qayerga va nima uchun qo‘shib qo‘ymoqchi ekaningizni tushuntiring va unga buning qizig‘i bor-yo‘qligini aniqlab oling.

O‘QING: Ijtimoiy tarmoqlarga tobelikdan qutulish yo‘llari

  1. Asosiy suratingiz va «status»ingizni muntazam yangilab yurish

Bu – ijtimoiy tarmoqlarni o‘zi uchun endigina kashf etganlar, o‘smirlar va bolalarning odati. Axir, siz ular toifasidan emassiz-ku, to‘g‘rimi?

  1. Heshteglarni haddan ziyod qo‘llash

Heshteglar ijtimoiy tarmoqlarda biror nimani izlashni osonlashtirish uchungina qo‘llanadi. Ularning matnda juda ko‘p bo‘lishi esa o‘qigan kishilarning g‘ashiga tegadi. Shuning uchun ham post mavzusida eng muhim bo‘lganlarinigina qoldirsangiz yetarli – siz ularni nokeraklaridan ajratishga qodirsiz.

  1. Bolalarning fotosuratlarini qalashtirib tashlash

Bir tomondan, har kimning ham farzandlari – o‘z hayotining muhim qismidir; shu boisdan ham ular bilan faxrlanishni, hatto maqtanishni istash – tabiiy holat. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham borki, bularni biz «Farzandingiz suratini internetga joylamang!» maqolamizda ko‘rsatib o‘tganmiz.

Yuqoridagi kabi odatlardan uzoqroq yurishingiz sizning virtual qiyofangizni yanada yuksaltiradi. Mazkur yo‘riqnomani do‘stlaringizga ham tavsiya etish esingizdan chiqmasin.

O‘QING: AQShga bormoqchimisiz? Barcha akkauntlaringizni «ortiqcha» gaplardan tozalang!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!