Ilon Mask dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida uchinchi o‘ringa tushdi

  •   DiMaX
  •  941
  •  19.05.2021 12:38

Ilon Mask dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida uchinchi o‘ringa tushdi

Bloomberg Billionaires Index versiyasiga ko‘ra, amerikalik tadbirkor, SpaceX, Tesla, Neuralink va boshqa bir nechta kompaniyalar asoschisi Ilon Mask dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatidagi ikkinchi o‘rinni boy berdi. Bu xususda Daryo nashri xabar bermoqda.

O‘QING: Ilon Mask ruhiy kasallikka chalinganligini e’lon qildi

18 may kuni Bloomberg Tesla aksiyalarining arzonlashuvi fonida Maskning boyligi 3,16 milliard dollarga kamayib, 160,6 milliard dollargacha tushganini e’lon qildi. LVMH korporatsiyasiga, shu jumladan, Louis Vuitton va Sephora brendlariga egalik qiluvchi fransiyalik Bernar Arnoning oilasi ro‘yxatning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarildi. Bloomberg uning boyligini 161,2 milliard dollarga baholamoqda.

Lekin Forbes avvalgidek Maskni Amazon hamda Blue Origin kompaniyalari asoschisi Jeff Bezosdan keyin dunyoning ikkinchi eng badavlat odami deb hisoblamoqda. Jurnal versiyasiga ko‘ra, Maskning boyligi 151 milliard dollarni, Arno oilasining boyligi 150 milliard dollarni tashkil qilmoqda.

2021 yilning boshidan buyon Tesla asoschisi Jeff Bezosni ikki marta ortda qoldirdi va dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Lekin oxirgi ikki haftadagi voqealar uning boyligini sezilarli darajada kamaytirdi.

O‘QING: Milliarder haqida milliardlarga teng faktlar

9 may kuni tadbirkor NBC telekanalining Saturday Night Live ko‘rsatuvida boshlovchi sifatida chiqish qildi va efirda Asperger sindromidan aziyat chekishini tan oldi, o‘zining biznes rejalari va g‘oyalaridan kuldi, shuningdek, o‘zi bir necha marotaba gapirgan Dogecoin kriptovalyutasini firibgarlik deb atadi.

Shundan keyin Mask Tesla’ning elektromobillarga to‘lov tariqasida bitkoin qabul qilishni to‘xtatayotganini, shuningdek, o‘zining kriptoaktivlari bilan hech qanday operatsiyalarni amalga oshirmasligini ma’lum qildi. Millarder bu qarorini bitkoin mayningi uchun qazib olinadigan energiya manbaidan foydalanilayotgani, ular esa issiqxona chiqindilarining paydo bo‘lishiga olib kelishidan xavotirda ekani bilan izohladi.

Shulardan so‘ng kriptobirjada bitkoinnning narxi keskin pasaya boshladi. Maskning bayonoti fonida Tesla aksiyalari ham 15 foizga arzonlashdi. Buning natijasida kompaniyaning 21 foiz ulushiga egalik qiluvchi Mask bir hafta ichida 20 milliard dollar yo‘qotdi.

Keyinchalik Mask avval 1,5 milliard dollarga baholangan kriptoaktivlarini sotib yuborish ehtimolini inkor etmadi. Ushbu bayonotlardan keyin kriptovalyuta narxlarining yangi pasayishlari kuzatildi — uch oy ichida birinchi marta bitkoinning narxi 45 ming dollardan arzonladi.

Ma’lumot uchun, Tesla kompaniyasi 24 mart kuni o‘z mahsulotlari uchun bitkoinlar bilan to‘lash imkoniyatini qo‘shgan edi.

O‘QING: «Meni Marsga dafn eting» – Ilon Mask «Qizil sayyora»ni zabt etish vaqtlarigacha aytdi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.