iPhone yoki iPad himoyasini buza olsangiz, 2 million dollar mukofot tayyor!

  •   DiMaX
  •  1297
  •  12.01.2019 14:24

iPhone yoki iPad himoyasini buza olsangiz, 2 million dollar mukofot tayyor!

Apple o‘zining mobil qurilmalari uchun operatsion tizimni ham o‘zi taqdim etishi va ularning mustahkamligi bilan faxrlanib keladi. Bu fikrga qo‘shilgan Zerodium kompaniyasi iOS 12 tizimining himoyasini buzib kira olgan kishiga naq 2 million AQSh dollari miqdorida mukofot berishini e’lon qildi.

O‘QING: iPhone himoyasini buzish yo‘li topildi! Undan qanday himoyalanishni o‘rganib qo‘ying! (+«jonli» video)

Lekin bu yerda shunchaki parolni chetlab o‘tib ayfonni ochish nazarda tutilmayapti. Zerodium qurilmaning fayl tizimiga masofadan turib kirishning haqiqatan ishlaydigan usulini topgan xakergagina shuncha pul berishga rozi.

Xo‘sh, bunaqa antiqa saxovat ko‘rsatayotgan Zerodium qanaqa kompaniya o‘zi, deysizmi? 2015 yili o‘z faoliyatini boshlagan bu firma himoya «tuynuk»lari brokeri sifatida tanilgan. Sodda qilib aytganda, xakerlar biror qurilma himoyasidagi «tirqish»ni topib, bu ma’lumotni Zerodium’ga sotishadi. Kompaniya esa mazkur ma’lumotni xususiy va davlat tashkilotlariga, shu jumladan kuch ishlatar tizimlarga qimmatroq narxda sotadi.

O‘QING: «Oq xakerlik»ni o‘rganish uchun 6 ta eng yaxshi resurs

Apple taqdim etayotgan mobil operatsion tizim esa o‘zining mustahkamligi bilan ularning e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Shu boisdan ham iOS 12 muhofazasini buzib kira olgan xakerga Zerodium shuncha mukofot berishini e’lon qilgan. Ammo asosiy sharti – bunda xakerlik hujumining qurboni bo‘layotgan (ayfonni ishlatayotgan) shaxs ishtirok etmasligi, u biror dasturni ko‘chirib olmasligi yoki havola orqali o‘tmasligi lozim. Agarda himoyaning buzilishi uchun qurbonning o‘zi ham ozgina bo‘lsa-da biror ishni qilishi kerak bo‘lsa, bunda Zerodium xakerga bir yarim million dollar berishga rozi.

Darvoqe, Zerodium operatsion tizimlar himoyalaridagi «tuynuk»larni topganlik uchun mukofotlar miqdorini o‘tgan yilgiga nisbatan ikki karra oshirgan. Xususan, iOS hamda Android-devayslarda parolni «aylanib o‘tib» qurilmani ochish avval «atigi» 15 ming dollarga narxlangan bo‘lsa, hozirda buni eplagan xakerga 100 ming dollar to‘lashadi.

Xo‘sh, siz ham operatsion tizim himoyasidagi «tirqish»ni topa olasizmi? Unda olg‘a!

O‘QING: Xakerlikni boshlash uchun 5 ta kitob

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!