Lovot – «sevish uchun» yaratilgan suhbatdosh robot, lekin boshqa ishgayam yaraydi!

  •   DiMaX
  •  879
  •  19.12.2018 10:24

Lovot – «sevish uchun» yaratilgan suhbatdosh robot, lekin boshqa ishgayam yaraydi!

Yaponiyadagi SoftBank Group telekommunikatsion mediakorporatsiyasi robototexnika bo‘limining sobiq xodimlaridan biri Groove X startapiga asos solgandi. U o‘zining ilk mahsuloti – Lovot deb nomlangan «ulfat» robotni taqdim etdi.

O‘QING: Xalqaro robototexnika olimpiadasi qo‘mitasining O‘zbekistondagi rasmiy vakili ma’lum bo‘ldi.

Ushbu mahsulot kishilar bilan muloqotga kirishib, ularning ko‘nglini ko‘tarishga mo‘ljallangan. Bu uning nomida ham aks etgan: «Lovot» so‘zi «love» hamda «robot» so‘zlarini biriktirib yasalgan.

Lovot tashqi ko‘rinishidan pingvin yoki multfilm qahramoni shaklidagi yumshoq o‘yinchoqni eslatadi. Atrofidagilar bilan o‘zaro aloqaga kirishish uchun «sun’iy idrok»dan foydalanadi, harakatlanish uchun esa g‘ildirakchalari bor. Muloqot qilish uchun u chiyillab turli ovozlar chiqaradi.

Mazkur robotni kiyintirish, unga g‘amxo‘rlik qilish mumkin. Shunday qilgan kishilarga u ham munosib javob qaytaradi, o‘zini xuddi shu odamga o‘rganib qolgandek tutadi. Lovot siypalaganda iliqroq bo‘ladi, qo‘lga olib sekin tebratsa uxlab qoladi, chaqirganda kishining ortidan boradi.

O‘QING: Xuddi Terminatordagidek: xitoylik olimlar suyuq robot yaratishdi

Lekin Lovot’ning boshqa, chindan foydali funksiyalari ham bor. U kamerasi orqali uyni kuzatib va yosh bolaga qarab o‘tirishi mumkin. Robotni mobil ilova yordamida boshqarish va bu dasturdan uning kamerasi orqali kuzatish imkoniyatlari bor.

Ishlab chiquvchining o‘zi Lovot’ni kuchukcha ko‘rinishidagi Sony Aibo robotining raqibi, deb hisoblaydi. Bu mahsulot esa o‘n yildan ortiq vaqt avval ishlab chiqarishdan olib tashlangan, keyin o‘tgan yili qayta taqdim etilgandi.

Hammasi yaxshi, ammo Lovot’ning ommalashuviga uning narxi xalaqit berishi mumkin: axir, u naq 3100 dollar turadi-da! Bundan tashqari, servisga muntazam tarzda pulli obuna bo‘lish ham kerak – bunisi endi ortiqcha... Bu robot savdoga 2019 yilning oxirlarida chiqariladi.

O‘QING: Buxoroda robot davlat xizmatlari haqida ma’lumot bermoqda

 

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!