Mobil operatorlarimizning ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘rsatkichlari qanaqa?

  •   DiMaX
  •  5756
  •  29.11.2017 15:35

Mobil operatorlarimizning ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘rsatkichlari qanaqa?

Axborot asrida yirik kompaniyalar uchun o‘z mijozlariga ma’lumot yetkazish, ularning fikrlarini o‘rganishda ijtimoiy tarmoqlarning roli katta. Shuningdek, ko‘pchilik kompaniyalar bugungi kunda ommalashgan messenjerlar kanallari orqali ham muloqotni rivojlantirishga e’tibor qaratishayotir.

Biz O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan ommabop uyali aloqa kompaniyalarining shu yo‘nalishdagi faolligiga, aniqrog‘i, ularning sahifalarida nechtadan a’zo borligiga bir nazar solishga qaror qildik. Bunda asosan GSM standarti bo‘yicha abonentlarga xizmat ko‘rsatayotgan hamda ijtimoiy tarmoqlarda nisbatan faol bo‘lgan operatorlargagina e’tibor qaratdik.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan uyali aloqa operatorlarining ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardagi ishtiroki turlicha ekan. Marhamat, bu boradagi ma’lumotlar bilan tanishing:

Ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p obunachiga ega bo‘lgan uyali aloqa operatori Beeline ekanligi aniqlandi. Eng keng tarqalgan ijtimoiy tarmoq – Facebook’dagi uning sahifasiga 172911 nafar foydalanuvchi «Like» qo‘ygan. Beeline Instagram’da ham ancha faol – uning akkauntiga 13600 kishi obuna bo‘lgan. Odnoklassniki tarmog‘ida esa bu operator shunchaki rekord o‘rnatgan – uning hamjamiyati 609965 nafar foydalanuvchi a’zo bo‘lgan. Afsuski, Telegram messenjerida Beeline’ning kanali mavjud emas ekan (har holda, operatorning saytida ko‘rsatilmagan bo‘lib, messenjerda global qidiruv orqali izlab ham topa olmadik).

O‘QING: Beeline ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar uchun 100 Gb trafik taklif etmoqda!

Ucell operatori ham mazkur yo‘nalishda eng ko‘p faollik namoyon etayotganlaridan biri ekan. Uning Facebook sahifasini jami 160477 nafar foydalanuvchi «Yoqdi» belgisi bilan ma’qullagan. Instagram tarmog‘idagi Ucell akkauntida esa 4129 nafar obunachi mavjudligi aniqlandi. Odnoklassniki tarmog‘ida ham bu operatorning faolligi yaxshi – uning hamjamiyatiga 314809 kishi qo‘shilgan. Ucell’ning Telegram’dagi kanaliga esa 25911 nafar foydalanuvchi a’zo bo‘lgan.

O‘QING: Ucell o‘chirilgan raqamni so‘nggi egasiga ulashni yo‘lga qo‘ydi

Yana bir uyali aloqa operatori – UMS ham ijtimoiy tarmoqlarda o‘z mijozlari bilan muloqotni yo‘lga qo‘ygan. Kompaniyaning Facebook sahifasiga 10037 ta «Like» qo‘yilgan bo‘lsa, Instagram-akkaunti 1098 ta obunachi to‘plagan. UMS’ning Odnoklassniki tarmog‘idagi hamjamiyatiga 25473 nafar foydalanuvchi yig‘ilganini ko‘rish mumkin. Lekin Telegram messenjeri borasida mazkur operator o‘zgacha yo‘l tutgan – o‘zbek va rus tillarida yuritiluvchi alohida-alohida ikkita kanal ochgan. Ularni tegishlicha 5196 va 3623 nafar, jami 8819 obunachi kuzatib kelayotganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

O‘QING: UMS korporativ mijozlari qanday qulayliklarga ega?

Va nihoyat, Uzmobile uyali aloqa operatoriga kelsak, uning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati ancha sust. Milliy operatorimizning Facebook’dagi sahifasini 6061 kishi «Yoqdi» tugmachasi orqali ma’qullagan. Odnoklassniki tarmog‘idagi Uzmobile hamjamiyatida ham atigi 418 kishi mavjudligini ko‘rdik. Instagram va Telegram’da esa mazkur operator akkauntlari mavjud emas (rasmiy saytida ko‘rsatilmagan) ekan.

O‘QING: UZMOBILE allaqachon 5G texnologiyasini sinovdan o‘tkazdi

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatayotgan uyali aloqa operatorlari o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi va ommabop messenjerlardagi faoliyatlarini yanada jonlantirsalar yaxshi bo‘lardi. Zero, «falon million» abonenti mavjud bo‘lgan operatorlardan birortasining ham mazkur tarmoqlardagi umumiy obunachilari soni milliontaga yetmagan.

Eslatma: ma’lumotlar 2017 yil 29 noyabr sanasidagi holatiga muvofiq ko‘rsatilgan.

Aziz muxlislar, bizdan uzoqlashmang – uyali aloqa operatorlarimizning faoliyatiga doir yangiliklardan ham sizni muntazam tarzda boxabar etib boramiz.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!