Nihoyat, Samsung eng arzon 5G-smartfonining barcha jihatlarini oshkor etdi

  •   DiMaX
  •  2785
  •  10.10.2020 11:08

Nihoyat, Samsung eng arzon 5G-smartfonining barcha jihatlarini oshkor etdi

Janubiy koreyalik texnogigant o‘zining eng arzon 5G-smartfoni – Galaxy A42 modelini rasman namoyish etgan. Garchi bu taqdimot to‘laqonli bo‘lmagan, gadjetning ayrim xususiyatlari qatori, narxi ham mavhumligicha qolgan esa-da, keyinroq...

O‘QING: Galaxy A42 5G anboksing videosi: Samsung’ning eng arzon 5G-smartfoni boshqalarnikidan ikki karra qimmat ekan!

Galaxy A42 5G rasmiy namoyishidan bir oy o‘tib, ya’ni kecha – 9 oktyabr kuni Samsung uning texnik jihatlarini deyarli to‘liq e’lon qildi. «Deyarli» deyishimizning sababi – kompaniya baribir protsessorning nomini aytmagan. Bu qurilma maksimal takt chastotasi 2,2 gigagerslik ikkita hamda 1,8 gigagerslik 8 yadroni, shuningdek, 5G-modemni o‘z ichiga oluvchi chipset bazasida ishlashi aytilgan, xolos. Bu esa, biz avvalroq yozganimizdek, Snapdragon 750G protsessori xususiyatlariga to‘g‘ri keladi.

Shunday qilib, kompaniyaning eng arzon 5G-smartfoni 6.6 dyuymlik o‘lchamdagi Super AMOLED-displeyga ega. Samsung unda tomchisimon kemtikli, ya’ni Infinity-U dizaynini qo‘llagan; ekranning tasvir aniqligi esa HD+ formatida.

O‘QING: Galaxy F41 taqdim etildi: rasmiy videosi, narx va xususiyatlari

Galaxy A42 5G korpusi plastikdan ishlangan bo‘lib, uch xil – Prism Dot Black, Prism Dot White hamda Prism Dot Gray ranglarida taklif etiladi. Telefonning kvadrokamerasida asosiy datchik 48 megapiksellik bo‘lib, keng burchakli optikaga ega, aperturasi f/1.8. Ikkinchisi – o‘ta keng burchakli ob’yektiv bilan taqdim etilgan sensor 8 megapiksellik (f/2.0) aniqlikda. Sahna chuqurligi moduli (f/2.4) hamda makrosensor (f/2.4) – har ikkalasi 5 megapiksellik rezolyusiyaga ega. Selfilar uchun displey kemtigida 20 megapiksellik kamera o‘rnatilgan.

Smartfonning akkumulyatori 5000 mA/soatlik tok sig‘imiga ega va 15 vattlik tezkor quvvatlana oladi. Galaxy A42 5G modelida ekranosti daktiloskop hamda quloqchin tirqishi bor, lekin NFC chipi haqida hech nima deyilmagan.

Samsung ushbu qurilmasini keyingi oydan uch xil – 4/128, 6/128 va 8/128 gigabaytlik modifikatsiyalarda sotuvga chiqaradi. Darvoqe, narxi 369 yevrodan boshlanuvchi bu smartfonda 1 terabaytgacha hajmli xotira kartasi uchun slot ham ko‘zda tutilgan.

O‘QING: Samsung hali taqdim etmagan, batareyasi baquvvat va arzon Galaxy M31 Prime allaqachon do‘konga chiqdi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!