Opera ishga chaqiryapti: ikki hafta internet kavlab o‘tirganga 8000 yevro maosh!

  •   DiMaX
  •  3958
  •  24.10.2020 17:52

Opera ishga chaqiryapti: ikki hafta internet kavlab o‘tirganga 8000 yevro maosh!

Internet kengliklarida kezib, turli qiziqarli va g‘alati narsa-hodisalar haqida hikoyalarni o‘qish, videolar tomosha qilishni siz ham yaxshi ko‘rasiz-a? Xo‘sh, shu ko‘ngilochar mashg‘ulot uchun yana yaxshigina pul ham taklif etishsa, nima deysiz? Bu hazil emas, Opera brauzeri aynan shunday vakansiyani rasman e’lon qildi!

O‘QING: iPhone va Android-smartfonlar uchun eng zo‘r brauzerlar («Roskachestvo» reytingi)

E’longa ko‘ra, Opera kompaniyasiga «internet-serfer», ya’ni – shu brauzerda veb-sahifalarni tomosha qilib o‘tiradigan xodim kerak. Ish beruvchi bu xodimdan «tarmoqning olis-olis burchaklarini tomosha qilish, u yerlarda uchrovchi antiqa va qiziqarli narsalar haqida hikoya qilib berish»ni kutmoqda. Qiziqarli kontent topishga o‘zlari qarashib yuborishadi.

«Bu muhim vazifa uchun biz ahmoqona memlarni yaxshi ko‘ruvchi, tyulenlar bolalari haqida videolar tomosha qiluvchi va fitna nazariyalarini o‘rganuvchi kishini izlamoqdamiz», deydi kompaniya.

Xoh ishoning, xoh ishonmang, lekin Opera ayni mana shu – sizu biz har kuni ermakka qilib o‘tiradigan ishga ikki haftagina vaqtini bag‘ishlaydigan xodimga 8000 yevro miqdorida maosh to‘lamoqchi!

O‘QING: Maxfiylik bo‘yicha eng kuchli va eng yomon brauzerlar reytingi

Istagan kishi bu vakansiyaga talabgorlik qilishi mumkin, lekin bunda nomzod uchun o‘ziga yarasha talablar ham qo‘yiladi. Ya’ni, u voyaga yetgan bo‘lishi, ingliz tilida erkin gaplasha olishi va barqaror internet-bog‘lanishga ega kompyuteri bo‘lishi lozim.

Talabgorlar 13 noyabrgacha antiqa shaklda rezyume taqdim etishlari zarur: davomiyligi 15–30 soniyalik videorolik suratga olish, unda o‘zining internetdagi tajribasi haqida qiziqarli tarzda qisqacha so‘zlab berish kerak bo‘ladi.

Agar yuqoridagi talablarga javob bera oladigan bo‘lsangiz, mana bu havola orqali vakansiya sahifasiga o‘tishingiz mumkin. Barcha arizalar ko‘rib chiqilib, faqat bir nafar kishini tanlab olinadi va u keyingi yilning boshida ish boshlaydi.

Qoyilmisiz?

O‘QING: Opera brauzeridagi bepul VPN’dan foydalanish bo‘yicha batafsil qo‘llanma