Oppo A3 – «kemtik»li romsiz ekranga va 4/128 GB xotiraga ega smartfon taqdim etildi

  •   DiMaX
  •  1557
  •  28.04.2018 11:31

Oppo A3 – «kemtik»li romsiz ekranga va 4/128 GB xotiraga ega smartfon taqdim etildi

Xitoyning eng sermahsul smartfonsozlaridan biri bo‘lmish Oppo kompaniyasi o‘zining yangi – Oppo A3 modelini rasman namoyish etdi. Bu – iPhone X uslubida «o‘yiq»li ekranga ega bo‘lgan, ammo o‘rta narx toifasidagi smartfondir.

O‘QING: Mutaxassislar: Joriy yilda «o‘yiq» displeyli telefonlar ommalashadi

Oppo A3 smartfoni diagonali 6,23 dyuymga teng bo‘lgan Full HD+ (2280x1080 pikselli) displey bilan jihozlangan. Tomonlari o‘zaro 19:9 nisbatida bo‘lgan romsiz ekran qurilma old yuzasining 88 foizini egallagan.

Smartfonning asosiy kamerasi 16, old kamerasi esa 8 megapikselli datchiklarga ega. Unda barmoq izi skaneri yo‘q, devaysni qulfdan chiqarish uchun foydalanuvchining yuzini skanerlash tizimi ishlaydi.

Ushbu gadjet sakkiz yadroli MediaTek Helio P60 protsessori bazasida, 4 gigabaytlik tezkor xotira bilan ishlaydi. Ichki saqlagich sifatida unga 128 gigabayt hajmli doimiy xotira o‘rnatilgan. Yana 256 gigabaytgacha hajmli microSD-karta qo‘yish imkoni mavjud.

Oppo A3 akkumulyatori 3400 mA/soatlik tok sig‘imiga ega. Ikkita SIM-karta, 4G VoLTE, Wi-Fi (802.11 ac), Bluetooth 4.2, GPS kabilarni qo‘llab-quvvatlaydi. O‘lchamlari 156x75,3x7,8 millimetrga, vazni esa 159 grammga teng. Smartfon ColorOS 5.0 grafik qobig‘i ostidagi Android 8.1 Oreo operatsion tizim talqini boshqaruvi ostida ishlaydi.

Oppo A3 qora, pushti, qizil va kumushrang korpuslarda, 332 AQSh dollari narxida sotuvga chiqariladi.

O‘QING: OPPO tayyorlagan – displeydagi daktiloskopik datchik dunyoda tengsiz!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!