O‘zbekistonda 1 apreldan barcha smartfon va planshetlar IMEI-kodi bo‘yicha BEPUL ro‘yxatga olinmoqda!

  •   DiMaX
  •  5257
  •  30.03.2019 14:27

O‘zbekistonda 1 apreldan barcha smartfon va planshetlar IMEI-kodi bo‘yicha BEPUL ro‘yxatga olinmoqda!

Mobil aloqa tarmoqlarini kengaytirish va mobil qurilmalarni hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.

O‘QING: O‘zbekistonda endi barcha smartfon va planshetlar IMEI bo‘yicha ro‘yxatga olinadi!

2019 yilning 30 mart kuni Aloqa tarixi muzeyida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish Vazirligi «Respublikamiz hududlarida mobil aloqa tarmoqlarini kengaytirish va mobil qurilmalarni hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida» matbuot anjumani o‘tkazdi.

Tadbir doirasida respublikamiz uchun yangi bo‘lgan xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari bo‘yicha mobil qurilmalarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 847-sonli «O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etish taqdimoti o‘tkazildi.

Matbuot anjumanida qayd etilganidek, mobil qurilmalarni hisobga olish tizimining joriy etilishi mamlakatimizda 2019 yilning 1 aprelidan boshlanadi.

O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimining operatori sifatida «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» Davlat unitar korxonasi belgilangan bo‘lib, mazkur korxona negizida mobil qurilmalarni hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi o‘rnatildi. Mazkur tizim O‘zbekiston Respublikasining barcha GSM-operatorlari tarmoqlariga ulangan bo‘lib, ular o‘rtasida «onlayn» rejimida o‘zaro ma’ulumot almashish imkonini beradi. Shuningdek, mazkur tizim import qilinadigan mobil qurilmalarning registratori vazifasini bajaradi.

1 apreldan boshlab O‘zbekiston GSM-operatorlari tarmoqlarida foydalaniladigan barcha mobil qurilmalarning avtomatik tarzda ro‘yxatga olish amalga oshiriladi.

Xabarda ta’kidlanishicha, qurilmani avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun haq olinmaydi.

O‘QING: Samsung smartfon va planshetlarining originalligini aniqlaymiz (+videoqo‘llanma)

Mahalliy GSM-operatorlar tarmog‘ida o‘zining mobil qurilmasidan foydalanayotgan abonentlardan ularga tegishli qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hech qanday harakatlar talab etilmaydi – ro‘yxatga olish harakatlari tizim operatori va aloqa operatorlari tomonidan amalga oshiriladi.

Hisobga olish va qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi quyidagilardan foydalanishni cheklashga imkon beradi:

1) kontrafakt qurilmalarni – ya’ni IMEI-kodi qurilmaning haqiqiy modeliga muvofiq kelmaydigan qurilmani,

2) o‘g‘irlanganlik yoki yo‘qotganlik sababidan «qora ro‘yxat»ga kirib qolgan qurilmani,

3) bojxona nazoratidan o‘tmagan qurilmalarni.

Telefon sotib olishdan avval qurilma IMEI-kodi maqomini to‘g‘riligini UZIMEI.UZ tizimining rasmiy saytida tekshirib olish tavsiya etiladi.

Hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi, shuningdek, GSMA assotsiatsiyasi bilan axborot almashinuvini o‘rnatishga, qolaversa, o‘g‘irlangan yoki yo‘qolgan abonent qurilmalari ro‘yxati almashinuvini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Hozirgi paytda GSMA bazasiga 43 mamlakatning 118 ta mobil operatori ulangan. Belgiya, Chili, Kosta-Rika, Kipr, Daniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Gana, Vengriya, Irlandiya, Italiya, Malta, Norvegiya, Portugaliya, JAR, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Venesuela shular jumlasidandir. GSMA bilan axborot almashinuvi boshqa mamlakatlar hududida o‘g‘irlangan yoki yo‘qolgan qurilmalarni ishlatishni cheklash imkonini beradi. Ayni paytda, O‘zbekiston hududida va aksincha GSMA’ga a’zo kompaniyalar tarmoqlarida O‘zbekiston Respublikasining «qora ro‘yxati»ga kiritilgan qurilmalarni ishlatishning imkoni bo‘lmaydi.

O‘QING: MEIZU smartfonlarining originalligini va O‘zbekistonda sertifikatlanganligini aniqlaymiz

Mobil terminallarni hisobga olish nazorati tizimi quyidagilarga imkon beradi:

  • Abonent qurilmalaridan foydalanish yoki o‘g‘irlangan qurilmalar bilan bog‘liq jinoyatlarni oldini olish va aniqlash.
  • O‘zbekiston Respublikasiga noqonuniy, kontrabanda yo‘l bilan abonent qurilmalarini olib kelinishini cheklash.
  • Xaridorlarga abonent qurilmalarini sotib olish paytida ularning maqomini tekshirishga, xarid qilinayotgan mahsulot sifati va servis xizmati kafolatini ta’minlashga yordam berish.
  • Xavfsizlik talabiga javob bermaydigan kontrafakt abonent qurilmalaridan foydalanishni kamaytirish hisobiga fuqarolar sog‘lig‘i himoyalash.
  • Kontrabanda va kontrafakt abonent qurilmalari noqonuniy aylanmasining pasayishi hisobiga telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobatni ta’minlash.

Matbuot anjumanida muhokama qilingan masalalar millionlab abonentlar uchun o‘ta muhimligi sababli Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish Vazirligi mutaxassislari jurnalistlarga murojaat qilib, aholini mobil aloqa qurilmalarini hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimining joriy etilayotgani yuzasidan keng xabardor qilishni so‘rashdi.

O‘z navbatida, Vazirlik 2019 yil mobaynida O‘zbekiston mobil aloqa abonentlari uchun noqulaylik tug‘ilishining oldini olish va aholi xabardorligini oshirish maqsadida keng tushuntirish ishlarini yo‘lga qo‘yadi.

O‘QING: Android-smartfon originalligini aniqlashning eng sodda va ishonchli usuli

 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!