O‘zbekistonda virtual «duoxona» ochildi

  •   DiMaX
  •  1672
  •  24.10.2019 11:19

O‘zbekistonda virtual «duoxona» ochildi

Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili «Vaqf» xayriya jamoat fondiga ehsonni onlayn tarzda amalga oshirish imkoni yaratilgan edi. Endi esa O‘zbekiston musulmonlari idorasining Muslim.uz sayti jamoasi «Duo qilaylik!» nomli yangi loyiha boshlanganini e’lon qildi.

O‘QING: Musulmonlarga mo‘ljallangan eng qulay brauzer bilan tanishing!

Duo – eng ulug‘ ibodat. Hadisi sharifda: «Duo – ibodatning mag‘zidir», deyilgan. Inson boshiga tushgan mushkulning arishi, qarzdan qutulishi, bemorlikdan tuzalishi, ishi yurishishi, oila qurishi, safardan omon qaytishi va boshqa hojatlari ravo bo‘lishida duo qilish muhimdir. Zero, u shu duosi orqali Alloh taologa munojot qilib, Undan yordam so‘raydi. Duo qilishda boshqa sabablarni ham amalga oshiradi. Ayniqsa, ko‘pchilikning yoki insonlarning bir-birlari haqlariga qilgan g‘oibona duolari tezroq ijobat bo‘lishi umid qilinadi.

Abu Dardo roziyallohu anhu shunday deydilar, Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: «Qaysi bir musulmon o‘zining birodariga g‘oyibona duo qilsa, bir Farishta: «va laka bimisl» – «Senga ham duoying mislicha bo‘lsin», deb turadi», deganlarini eshitdim (Imom Muslim rivoyati).

Boshqa rivoyatda esa: «Musulmon kishining o‘z birodariga qilgan g‘oyibona duosi mustajob duodir. Uning bosh tomonida muvakkal bir farishta bo‘ladi, birodarining haqqiga har duo qilganida: «Amin! Va laka bimisl» deb turadi», dedilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Muslim.uz sayti jamoasi tomonidan «Duo qilaylik!» nomli yangi loyiha joriy etildi. Endi siz so‘ramoqchi bo‘lgan duoingizni https://t.me/DuoQilaylikBot manzili orqali maxsus botga yozib yuborishingiz mumkin. Jamoa esa duolaringizni umumlashtirib, Muslim.uz saytida haftaning har payshanba kunlari soat 17:00 da, ya’ni payshanba kuni tugab, Juma kuniga o‘tar mahalida e’lon qiladi. Albatta, e’lon qilingan duolarni o‘qigan muxlislar «Omin!» deyishadi. Bu esa duo ijobat bo‘lishining bir necha shartlarini o‘zida mujassam etadi, deyiladi xabarda.

O‘QING: Haj amallarida yuksak texnologiyalar ko‘maklashadi