Pocophone F2 suratlarda: Snapdragon 855, 4500 mA/soatlik akkumulyator, IP68 himoyasi va jami 78 MPlik uch modulli kamera!

  •   DiMaX
  •  2315
  •  24.01.2019 10:38

Pocophone F2 suratlarda: Snapdragon 855, 4500 mA/soatlik akkumulyator, IP68 himoyasi va jami 78 MPlik uch modulli kamera!

Xiaomi kompaniyasi o‘tgan yili eng ilg‘or Snapdragon 845 chipli eng arzon flagman – Pocophone F1 modelini taqdim etgandi. Endi uning ikkinchi avlod vakili ham zamonamizning flagman chipli eng arzon smartfoni bo‘lishi mumkin.

O‘QING: Xiaomi Pocophone F2 ham tayyor – u allaqachon Geekbench’da imtihon topshirdi!

iGeekPhone nashri Xiaomi Pocophone F2 modelining render suratlari hamda taxminiy texnik xususiyatlarini e’lon qildi. Uning ekrani diagonaliga 6,4 dyuymgacha kattaytirilgan (oldingi avlodida 5,99 dyuym edi). Ushbu displeyda selfi-kamera uchun ikkita «teshik» ochilgan – ularda 15 va 8 megapiksellik modullar joylashadi. Old kameraga foydalanuvchining yuzini tanish orqali smartfonning qulfini ochish funksiyasi tatbiq etilgan bo‘lib, u hatto qorong‘ida ham ishlayveradi. Oltinchi avlod Gorrilla Glass himoya shishasi yotqizilgan displeyga barmoq izi skaneri ham integratsiya qilingan.

Pocophone F2 apparat qismi asosini Qualcomm’ning eng ilg‘or Snapdragon 855 protsessori o‘rnatiladi, unda 5G-modem ham bo‘lishi aytilmoqda. Uning tezkor xotirasi 6, 8 va 10 gigabaytlik, doimiy xotirasi esa 128, 256 va 512 gigabaytlik variantlarda taklif etiladi.

IP68 standartiga ko‘ra chang va suvdan himoyalangan Pocophone F2 korpusida zamonaviy USB-C porti qo‘llanishi bilan birga, quloqchin ulash uchun an’anaviy 3,5 millimetrlik audiotirqish ham saqlanib qolgan. Smartfon infraqizil porti, NFC va Bluetooth 5.0 interfeyslariga ega.

O‘QING: Pocophone F2 o‘rniga yangi versiyada Pocophone F1 taqdim etgan Xiaomi baribir Mi Play bilan rekord o‘rnatdi

Pocophone F2 asosiy xususiyatlaridan biri – 38, 16 va 24 megapiksellik sensorlarni o‘z ichiga olgan (jami 78 MPlik) uch modulli bosh kamerasidir.

Xiaomi Pocophone F2 akkumulyatorining tok sig‘imi 4500 mA/soatgacha kattalashtirilgan bo‘lib, u Quick Charge 4.0 tezkor quvvatlash texnologiyasi bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, mazkur smartfonda suyuqlikli sovitish tizimi ham qo‘llanadi.

Pocophone F2 modelini Xiaomi taxminan 440 dollarga baholaydi, deyishmoqda. Hamyonbop flagmanning ilk avlodi – Pocophone F1 smartfonlarini esa 2 549 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda Terashop.uz internet-do‘konimizdan xarid qilish mumkin.

O‘QING: «JONLI» VIDEO: Xiaomi prezidenti Mi Mix Flex (yoki Mi Dual Flex) buklama smartfonini ishlatib ko‘rsatdi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!