Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston maktablaridagi internet tezligini tanqid qildi

  •   DiMaX
  •  1016
  •  22.03.2019 13:27

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston maktablaridagi internet tezligini tanqid qildi

Joriy yilning 19 mart kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev maktablardagi internet tezligini tanqid qildi. Bu xususda Prezident matbuot xizmatiga tayanib «Daryo» internet-nashrining Telegram-kanali ma’lumot bergan.

O‘QING: Prezident innovatsion maktabga tashrif buyurdi

Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 mart kuni yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi, deyiladi xabarda.

Prezident matbuot xizmatining yozishicha, yig‘ilishda «bugungi kunda barcha maktablarda kompyuter texnikasi bo‘lishiga qaramasdan, internet xizmatidan yetarli darajada foydalanilmayotgani tanqid qilingan». «Xalq ta’limi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga 2021 yilgacha barcha maktablardagi kompyuter sinflarini zamonaviy texnologiyalar va yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i bilan ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi», – deya ta’kidlangan edi yig‘ilish haqidagi rasmiy axborotda.

Ta’kidlash joiz, 2018 yil iyul oyida «Xalq ta’limi tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident farmoni loyihasi e’lon qilingan edi. Unda, jumladan, O‘zbekistonda maktablarning 28 foizi kompyuter sinflariga ega emasligi, 63 foizida zamonaviy uskunalar yo‘qligi, 93 foizi esa yuqori tezlikdagi internetga ega emasligi ko‘rsatib o‘tilgan edi. Xuddi o‘sha hujjat loyihasida 2021 yil oxirigacha barcha xalq ta’limi muassasalarini internet tarmog‘iga keng polosali kirish imkoniyati bilan ta’minlashni taklif qilingan edi.

Ma’lumot o‘rnida, Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha beshta muhim tashabbusni ilgari surgan. Ushbu tashabbuslarning uchinchisi shunday: «Aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish».

Eslatib o‘tish joiz, Prezident O‘zbekistondagi internet tezligi va narxini, shuningdek, ba’zi maktablarda informatika fani hali hamon eski dasturlash tili asosida o‘tilayotganini avval ham tanqid qilgan.

O‘QING: Prezident maktablarida axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan fan ham o‘qitiladi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!