Realme 7 va Realme 7 Pro taqdim etildi: hamyonbop narxda o‘yinbop smartfonlar! (+video)

  •   DiMaX
  •  10200
  •  04.09.2020 12:43

Realme 7 va Realme 7 Pro taqdim etildi: hamyonbop narxda o‘yinbop smartfonlar! (+video)

Oppo korporatsiyasining arzonchi subbrendi 1 sentyabr kuni o‘rta narx toifasidagi Realme X7 hamda Realme X7 Pro smartfonlarini chiqarganidan xabaringiz bor. Bulardan tashqari, Realme jahondagi eng arzon 5G-smartfonni ham namoyish etgan!

O‘QING: Realme V3 taqdim etildi – dunyodagi eng arzon 5G-smartfon!

Endi esa mazkur kompaniya yana ikkita – Realme 7 hamda Realme 7 Pro smartfonlarining rasmiy namoyishini o‘tkazdi. Ularning texnik xususiyatlari kuchli, dizayni ko‘rkam bo‘lsa-da, narxlari hamyonbop.

Realme 7 – o‘yinbop Helio G95 chipli ilk smartfon

Standart talqindagi Realme 7 modeli MediaTek kompaniyasi o‘yin smartfonlariga moslab yaqindagina taqdim etgan Helio G95 protsessori bazasida ishlaydi.

Realme 7 o‘lchami diagonaliga 6,5 dyuymlik, tasvir aniqligi esa Full HD+ formatli IPS-ekranga ega. Kadr yangilanish chastotasi 120 gerslik bo‘lgan displey yuzasiga Gorilla Glass himoya shishasi yotqizilgan.

Smartfonning tezkor va doimiy xotirasi sifatida tegishlicha LPDDR4x hamda UFS 2.1 standartlaridagi chiplar tanlangan; uning korpusida yana microSD sloti ham mavjud. Kompaniya bu gadjetini Android 10 operatsion tizimi ustiga qurilgan Realme UI grafik qobig‘i bilan chiqargan.

Realme 7 akkumulyatorining tok sig‘imi 5000 mA/soatlik bo‘lib, u 30 vattlik tezkor quvvatlana oladi. Smartfon egasining shaxsiy ma’lumotlarini himoyalash uchun uning korpusi o‘ng qirrasida daktiloskopik skaner mavjud.

Realme 7 Pro – deyarli yarim soatda to‘liq quvvatlanuvchi geymerofon

Yangi juftlikning kuchlirog‘i – Realme 7 Pro modeli o‘yinbop Snapdragon 720G protsessori bazasida ishlangan. Uning qolgan ichki xususiyatlari standart Realme 7 smartfonidagi bilan bir xil.

Qizig‘i, Pro-versiyaning ekrani sheriginikidan kichikroq – diagonaliga 6,4 dyuymlik o‘lchamga ega. Biroq unda AMOLED-matritsa qo‘llangan va displey smartfon old yuzasining ko‘proq qismini egallagan. Ekranda kadr yangilanish chastotasi o‘sha-o‘sha – 120 gerslik, lekin smartfon sozlamalari orqali uni 60 gersgacha tushirish mumkin (Realme 7 modelida esa pastki chegara – 90 Gs).

 

Bundan tashqari, Realme 7 Pro batareyasining tok sig‘imi ham kamroq – 4500 mA/soatlik, ammo u naq 65 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega! Bu esa smartfonni atigi 34 daqiqada noldan boshlab 100% zaryadlashga imkon beradi. Shuningdek, Pro-versiyada zamonaviy – ekranosti barmoq izi datchigi qo‘llangan.

Kamerasi va narxlariga nazar

Realme 7 modelida ham, uning Pro-versiyasida ham bir xil kameralar qo‘llangan, faqat bosh kameralarida modullar joylashuvi farqli. Ularda asosiy datchik sifatida 64 megapiksellik Sony IMX682 sensori tanlangan. Ikkinchi – 8 megapiksellik kameraga keng burchakli ob’yektiv o‘rnatilgan. Shuningdek, bosh kamera jamlanmasiga yana har biri 2 megapiksellik aniqlikdagi oq-qora portret kamerasi hamda makrokamera ham kirgan.

Har ikkala smartfonda ham selfi uchun ekranning yuqori chap burchagidagi tirqishga 16 megapiksellik Sony IMX471 datchigi o‘rnatilgan.

Quyida esa Realme 7 va Realme 7 Pro modellariga bag‘ishlab tayyorlangan rasmiy videolavhani tomosha qilamiz:

Eng muhimi – narxlariga keladigan bo‘lsak, smartfonlar tezkor/doimiy xotira hajmiga ko‘ra quyidagicha baholangan:

Realme 7 modeli, 6/64 GBlik – $204

Realme 7 modeli, 6/128 GBlik – $231

Realme 7 Pro modeli 6/128 GBlik – $273

Realme 7 Pro modeli 8/128 GBlik – $299

Kompaniya bu ikkala smartfonini 10 sentyabrdan Hindistonda sota boshlaydi, keyinroq ular boshqa mamlakatlar bozorlariga ham chiqishi kutilmoqda.

O‘QING: O‘rta narxli o‘nta eng zo‘r smartfon (AnTuTu reytingi, 2020 yil avgust)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.