«Revolver» kamerali smartfon MWC 2018’da taqdim etiladi, ammo bu Nokia 10 emas...

  •   DiMaX
  •  1322
  •  20.02.2018 16:55

«Revolver» kamerali smartfon MWC 2018’da taqdim etiladi, ammo bu Nokia 10 emas...

Yaqinda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, HMD Global kompaniyasi Nokia smartfonlarining premium talqinlari – Sirocco markasini ham qayta jonlantirishga ahd qilgan. Joriy oyning oxirida Barselonada bo‘lib o‘tadigan MWC 2018 ko‘rgazmasida ushbu turkumdagi ilk modeli – Nokia 8 Sirocco namoyish etilishi kutilayotgan edi. Endi ma’lum bo‘lishicha, u bozorga Nokia 8 Pro nomi bilan chiqariladi.

O‘QING: Besh kamerali ilk smartfon – Nokia X yana bir xususiyati bilan dunyoda tengsiz

Xabaringiz borki, HMD Global kompaniyasi asosiy kamerasi beshta moduldan iborat bo‘lgan Nokia 10 modelini tayyorlayotgani haqida ham gap-so‘zlar tarqalgan. Dastlab uning Nokia X deb nomlanishini taxmin qilishgan, keyin esa Nokia 10 nomi paydo bo‘ldi.

HMD Global muhandislari ushbu yangi flagmanning qo‘shaloq klassik fotokamerasiga qo‘shimcha linzalar va datchiklar ham o‘rnatishgan; natijada bosh kamera beshta modulli hisoblanadi. Faqat bir vaqtning o‘zida ulardan ikkitasigina ishlaydi, qolganlari esa kameraning maxsus doirasimon qopqog‘i ostida turadi. Foydalanuvchiga suratga tushirish uchun qanday effekt kerak bo‘lsa, shundan kelib chiqqan holda kamera ob’yektivlari avtomatik tarzda aylanib, o‘zaro o‘rin almashadi.

O‘QING: Nokia 10’ning beshtalik kamerasi qanday ishlashini Carl Zeiss videoda ko‘rsatib berdi

NokiaPowerUser resursining o‘z manbalariga tayangan holda ma’lum qilishicha, xuddi mana shu – «revolver» kamerali smartfon Nokia 10 emas, balki Nokia 8 Pro modeli ekan. U mazkur brendning 2018 yilgi flagmanlari qatorida MWC 2018 ko‘rgazmasida taqdim etiladi, savdoga esa avgust-sentyabr oylarida chiqariladi.

Yana manbalarning ma’lumotlariga ko‘ra, Nokia 8 Pro’ning «revolver» kamerasi 32 megapikselli aniqlikda, sifatini yo‘qotmagan holda 4 karrali zum bilan suratga olishga qodir. Shuningdek, u soniyasiga 60 kadr tezligida, 4K sifatli videoga tushira oladi. Bunday xususiyat esa hozirgacha bozorga taqdim etilgan smartfonlar orasida faqatgina kupertinoliklarning iPhone X superflagmanida bor.

Nokia 8 Pro ilg‘or Qualcomm Snapdragon 845 protsessoriga, shisha korpusga, romsiz ekranga va barmoq izi skaneriga ega bo‘ladi. Hozircha uning narxi ma’lum emas, bu boradagi yangiliklardan birinchilar qatorida boxabar bo‘lish uchun bizdan uzoqlashmang.

O‘QING: Nokia 10 narxi, xususiyatlari, batafsil suratlari va videosi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!