Rossiyada Telegram bloklanishining asl sababi oshkor bo‘ldi

Rossiyada Telegram bloklanishining asl sababi oshkor bo‘ldi

Telegram'ning Rossiya Federatsiyasi hududida bloklanishi atrofidagi shov-shuvlar tinmagan bir paytda mamlakat xavfsizlik xizmatlarining o‘zaro yozishmalari messenjerning bosimga uchrash sababi umuman boshqa ekanligini ko‘rsatmoqda. Maxsus xizmatlar messenjerdan aylanma yo‘llar bilan foydalanishga chek qo‘ya olmayotir. Shu sababli Telegram ularning ham kundalik muhokama mavzusiga aylanib qolganligi aytilmoqda. Bugun ma’lum bo‘lishicha, RBK nashri ixtiyoriga FSB 12-markazi xodimi Roman Antipkinning 18 aprel kuni o‘z hamkasblariga yo‘llagan xabari kelib tushgan. Unda xodim Telegram bloklanishining asl sababini bilishi haqida da’vo qiladi:

«Hamkasblar, nega tushunmaysiz, sababi bu emas. Sabab kripto-kalitlar va terrorizmda ham emas. Pasha Durov shunchaki yangi Mavrodiga aylanishga qaror qildi. U o‘z kriptovalyutasini joriy qilsa, bizning Rossiyada batamom boshqarib bo‘lmas moliyaviy tizim paydo bo‘ladi. Va u bitkoindan ham ishonchliroq va nazoratsiz bo‘ladi. Bu butun mamlakat xavfsizligiga tahdid demakdir. Barcha narkotik moddalar savdosi, noqonuniy pul ayirboshlash va odam ichki a’zolarini sotish aynan shu kriptovalyuta orqali amalga oshirila boshlanadi.»

O‘QING: Nima sababdan maxsus xizmatlar Telegram'ni yomon ko‘radilar?

Xodimning yozganlaridan ma’lum bo‘lishicha, Pavel Durov va FSB ziddiyatining asosiy sababi foydalanuvchilar xabarlari va yozishmalarini o‘qish imkonini beruvchi kripto-kalitlar emas, balki Telegram asoschisining messenjer tarmog‘i doirasida o‘z kriptovalyutasini joriy qilmoqchi bo‘lganligi bo‘lib chiqmoqda.

Ushbu xabar elektron pochta orqali yuborilgan. RBK nashrining ma’lumot berishicha, bu xabar Antipkinga tegishli ekanligini aloqa operatorlaridan birining top-menejeri va bir federal amaldor tasdiqlagan. Ayni vaqtda Antipkinning o‘zi yuqoridagi so‘zlar o‘ziga tegishliligini tan olmagan.

RBK nashri xabarda yozilgan so‘zlar yuzasidan izoh so‘rab FSBga murojaat qilgan, lekin hech qanday javob ololmagan. Pavel Durov ham RBKning so‘rovini javobsiz qoldirgan.

Pavel Durovning Telegram Open Network (TON) nomli blokcheyn platforma asosida Gram kriptovalyutasini joriy qilish rejalari o‘tgan yilning so‘nggida ma’lum bo‘lgan edi. 132 betdan iborat va Pavel Durovning akasi Nikolay Durov tomonidan imzolangan kriptovalyuta rejasida Telegram va boshqa tarmoqlardagi moliyaviy aylanmalarga asos bo‘lishi lozim bo‘lgan qudratli tizimga batafsil izoh beriladi. Rejada ma’lum qilinishicha, TON platformasi bir soniya ichida millionlab tranzaksiyani qayta ishlash imkoniga ega bo‘ladi. Hozirda mashhur Bitcoin to‘lov tizimi soniyasiga atigi 9-12, MasterCard va Visa tizimlari esa bir necha ming tranzaksiyani amalga oshira oladi, xolos.

O‘QING: Telegram’ga qarshi behuda jang: Roskomnadzor adashib, Amazon IP-manzillariga kirishni yopib qo‘ydi

Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan Telegram'ning bloklanishi to‘g‘risidagi gap-so‘zlar boshlanganiga bir yildan oshdi. Biroq ushbu taqiq faqatgina Pavel Durovning Gram kriptovalyutasini joriy qilishga jiddiy kirishganidan so‘ng amalga oshirildi. Shu vaqtga qadar Durov bo‘lajak kriptovalyutasi uchun $1,7 milliard mablag‘ jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan.

Mutaxassislar Telegram bloklanishining asl sababi bekorga yashirilmayapti, demoqda. Pavel Durov yaratayotgan kriptovalyuta xalqaro qonunlarga zid kelmaydi va Telegram asoschisining o‘zi ham biror tartibni buzmaslikka urinmoqda. Shu uchun ham yaratilayotgan kriptovalyuta sudning bloklash haqida qaror chiqarishi uchun yetarli bo‘lolmas edi. Bundan tashqari Rossiya qonunchiligida kriptovalyutalarga nisbatan aniq tartib va choralar belgilanmagan. Agar Telegram'ning asl bloklanish sababi oshkor qilinsa, uning bloklanishi yuzasidan chiqarilgan sud qarorini bekor qilish uchun imkoniyat paydo bo‘ladi.

Yuqoridagi sabablar tufayli Telegram bloklanishi sababining bunday versiyasi tasdiqdan o‘tishi mushkul hol.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.