Samsung bexosdan Galaxy A8 va A8+ sirlarini rasmiy saytida «sotib qo‘ydi»

  •   DiMaX
  •  2460
  •  13.12.2017 13:40

Samsung bexosdan Galaxy A8 va A8+ sirlarini rasmiy saytida «sotib qo‘ydi»

Janubiy koreyalik texnogigantning Galaxy A turkumidagi yangi taqdim etilajak smartfonlari – «salkam flagman» Galaxy A8 hamda A8+ modellari tegishlicha Galaxy A5 va A7 qurilmalarining 2018 yilgi «davomchilari» bo‘lishidan xabaringiz bor. Shu paytgacha mazkur devayslarning norasmiy suratlari va hatto videosi ham internetda tarqalgan edi.

O‘QING: To‘liq ekranli Galaxy A8+’ning ilk videoroligini tomosha qiling!

Endi esa, Samsung’ning o‘zi ularning xususiyatlarini tasodifan fosh etib qo‘ydi, deb yozadi Android Police.

Gap shundaki, kompaniyaning saytiga allaqachon yangi avlod smartfonlaridan foydalanish qo‘llanmasi yuklab qo‘yilgan, uni o‘zingiz ham mana bu havola orqali ko‘chirib olib, ko‘rib chiqishingiz mumkin. PDF formatidagi mazkur yo‘riqnoma tufayli endi Samsung’ning 2018 yilgi Galaxy A8 hamda A8+ smartfonlarining ba’zi xususiyatlari haqida rasmiy ma’lumotga egamiz.

Avval ham aytib kelinayotganidek, A8 va A8 Plus qurilmalarining old kamerasi qo‘sh ob’yektivga ega bo‘ladi. Ularning necha megapikselli ekani xususida mazkur hujjatda ma’lumot berilmagan, ammo avval chiqqan xabarlarga ko‘ra, u 16 va 8 megapikselli datchiklardan iborat.

O‘QING: Kutilmagan Galaxy A8 (2018): unga hatto Galaxy S8 va Note 8 egalari ham havas qilishlari tayin!

Suratiga qaraganda, har ikkala gadjetning ekranlari tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda bo‘lib, ikki chekkasida nozikkina romi mavjud. Smartfonning daktiloskopik skaneri orqa panelda – kamera ostida bo‘lishi aytilmoqda.

Foydalanuvchi qo‘llanmasida ko‘rsatilishicha, bu ikki smartfon Android 7.1.1 Nougat operatsion tizim boshqaruvi ostida ishlaydi. Ular Samsung Pay hamda Bixby ovozli yordamchisini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, qurilmalarda USB-C porti bilan birga quloqchinlar uchun standart 3,5 millimetrlik tirqish ham qoldirilganligi e’tiborga loyiq.

Bu boradagi yangiliklardan birinchilar qatorida boxabar bo‘lib borish uchun bizdan uzoqlashmang.

O‘QING: Galaxy S9'ni 5 rangdagi korpuslarda tomosha qiling!