Samsung eng arzon 5G-smartfonini Geekbench’da tekshirib ko‘rdi

  •   DiMaX
  •  1345
  •  05.08.2020 14:35

Samsung eng arzon 5G-smartfonini Geekbench’da tekshirib ko‘rdi

Hozirgacha ko‘plab xitoylik smartfonsozlar beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llovchi haqiqatan arzon (200 dollar atrofida) telefonlar chiqarib ulgurishgan. Samsung esa iyundayoq ma’lum bo‘lgan hamyonbop 5G-smartfoni – Galaxy A42 modellini haliyam taqdim etgani yo‘q.

O‘QING: Realme V5 taqdim etildi – Honor 30’ga o‘xshash, lekin uning yarim narxidagi 5G-smartfon!

Lekin janubiy koreyalik texnogigant Galaxy A42 smartfonini allaqachon tayyorlab ulgurgan. Xitoyning 3C regulyatori yaqindagina uning kuchli jihatini oshkor qilgan edi. Endi esa kompaniya bu gadjetini Geekbench servisida tekshirib ham ko‘rdi.

Benchmark ma’lumotlar bazasida aks etishicha, Galaxy A42 modeli Android 10 operatsion tizimi hamda 4 gigabaytlik tezkor xotiraga ega. Yakka yadroli sinovda u 615 ball, protsessorining barcha yadrolari ishtirokidagi testda esa 1799 ball olgan:

Eng qizig‘i – Galaxy A42 smartfoni Qualcomm yaqindagina taqdim etgan Snapdragon 690 chipseti bazasida ishlar ekan. Geekbench ma’lumotlariga ko‘ra, qurilmaning «tizim platasi» lito kodli nomiga ega. Bu esa aynan Snapdragon 690 protsessorining kodli belgisidir.

Samsung ushbu smartfonidan tashqari, yana bitta – Galaxy A32 modelini ham 5G-modemli protsessor bazasida tayyorlamoqda. Lekin undan oldin Galaxy A42 taqdim etilib bozorga chiqishi mantiqqa ko‘proq mos kelyapti. Shunda u ma’lum muddat davomida janubiy koreyaliklarning eng arzon 5G-smartfoni bo‘lib turadi.

O‘QING: Eng zo‘r hamyonbop – Galaxy M51 smartfoni FCC bazasida «qo‘lga tushdi»

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!