Samsung kutilmaganda «teshik» displeyli Galaxy A9 Pro (2019) smartfonini namoyish qildi!

  •   DiMaX
  •  8584
  •  25.01.2019 12:07

Samsung kutilmaganda «teshik» displeyli Galaxy A9 Pro (2019) smartfonini namoyish qildi!

Janubiy koreyalik texnogigant o‘z rasmiy sayti orqali Galaxy A9 Pro (2019) rusumli smartfonini e’lon qildi. Aslida bu – joriy oyning boshida Xitoyda sotuvga chiqqan Galaxy A8s modelining xalqaro versiyasidir.

O‘QING: «Teshik» ekranli Galaxy A8s savdoga chiqdi – narxi bilan tanishing!

Bilamizki, Galaxy A8s modeli Samsung kompaniyasining Infinity-O displeyli ilk smartfonidir. Ya’ni, unda old kamera ekranning faol qismidagi «tirqish»ga joylangan.

Galaxy A9 Pro (2019) modeli ham Galaxy A8s’ning asosiy xususiyatlarini saqlab qolgan. Uning ekrani diagonaliga 6,4 dyuymlik bo‘lib, tomonlari o‘zaro 19,5:9 nisbatda. «Teshik» displey tasvirlarni 2340x1080 piksellik aniqlikda yetkazib bera oladi.

Asosiy kamera naq uchta – 24, 10 va 5 megapiksellik datchiklarni o‘z ichiga olgan. Displeydan «mo‘ralab» turgan selfi-kamera bo‘lsa 24 megapiksellik sensorga ega.

O‘QING: Galaxy A60 – «teshik» displeyli nisbatan arzon smartfonni aprelda ko‘ramiz!

Galaxy A9 Pro (2019) apparat ta’minoti asosini Qualcomm Snapdragon 710 protsessori tashkil etadi. Smartfon 6 GB tezkor va 128 GB doimiy xotiraga ega. Daktiloskopik datchik orqa panelga joylangan, akkumulyatorining tok sig‘imi 3400 mA/soatga teng. Smartfon zamonaviy USB Type-C porti bilan jihozlangan, quloqchin uchun 3,5 millimetrlik audiotirqish ko‘zda tutilmagan. Android operatsion tizimining 8.1 Oreo talqini boshqaruvi ostida ishlovchi ushbu smartfon korpusi o‘lchamlari 158,4x74,9x7,4 millimetrga teng bo‘lib, u 173 gramm tosh bosadi.

Samsung Galaxy A9 Pro (2019) korpusining rangiga ko‘ra ko‘k, kul rang va yashil tuslarda taklif etilmoqda. Saytda uning Janubiy Koreyadagi narxigina e’lon qilingan – 533 AQSh dollariga teng. O‘z yurtida uni 28 fevraldan savdoga chiqarishadi, xorijiy bozorga chiqish vaqti va narxlari hozircha noma’lum.

O‘QING: Samsung endi Xiaomi bilan bellasha oladi: Galaxy M smartfonlari kutilganidan ham arzon ekan!