Samsung servis markazlarida kafolat bo‘yicha qanday bepul xizmatlar ko‘rsatiladi?

  •   DiMaX
  •  3888
  •  16.02.2018 12:58

Samsung servis markazlarida kafolat bo‘yicha qanday bepul xizmatlar ko‘rsatiladi?

Barcha nufuzli ishlab chiqaruvchilar qatori, Samsung kompaniyasi ham o‘zining mahsulotlariga tegishli kafolat muddati belgilaydi. Agar biror qurilmasi shu muddat ichida sababsiz buzilib, yoki nuqsoni ma’lum bo‘lib qolsa, unga bepul tarzda servis xizmati ko‘rsatadi. Buning uchun u turli mamlakatlarda rasmiy servis markazlarini tashkil etgan.

O‘QING: O‘zbekistondagi Samsung vakolatli servis markazlarining ro‘yxati

Xo‘sh, eng ommabop mahsulotlaridan hisoblanmish Galaxy smartfonlariga Samsung servis markazlarida kafolat bo‘yicha qanday xizmatlar ko‘rsatiladi? Kafolat bo‘yicha ta’mirlatish kabi xizmatlardan bepul foydalanish uchun qanday shartlar qo‘yiladi?

«Terabayt.Uz» sayti xodimlari shu masalaga oydinlik kiritish maqsadida poytaxtimizdagi Samsung vakolatli servis markazi bilan bog‘lanishdi. Bunda biz o‘zimizni oddiy fuqaro sifatida tanishtirib, servis xizmatiga nimalar kirishini so‘rab, bilib oldik va shu ma’lumotlarni siz muxlislarga yetkazib qo‘yishga qaror qildik.

Demak, agarda sizning Galaxy smartfoningiz (yoki Samsung mahsuloti bo‘lmish boshqa qurilmangiz) kafolat muddati tugamasdan sababsiz buzilib qolsa, yoki o‘zi biror nuqson bilan chiqqanini payqab qolsangiz, servis markaziga olib borishdan avval quyidagilarni bilib oling:

  1. Kafolat bo‘yicha ta’mirlatish uchun, avvalo, shu qurilmangiz O‘zbekiston hududida xarid qilingan bo‘lishi shart. Buning dalili sifatida siz gadjetning qutisi va hujjatlarini, shuningdek, uni sotib olgan paytingizda do‘kondan olingan xarid chekini taqdim etishingiz lozim. Bordiyu, masalan, xorijga safaringiz davomida, Samsung’ning boshqa mamlakatdagi rasmiy do‘konidan xarid qilgan bo‘lsangiz, uning barcha hujjatlari va xarid cheki saqlangan bo‘lsa ham, O‘zbekistondagi servis markazi unga kafolatli servis xizmatini ko‘rsatmaydi.
  2. Gadjetning ichi ochilmagan bo‘lishi shart. Buni bilish unchalik qiyin emas – har bir qurilmaning hali ochilmaganligini bildiruvchi plombalari mavjud.
  3. Agarda smartfon yoki boshqa qurilmangizning tashqi nuqsoni bo‘lsa, unga servis xizmati ko‘rsatishmaydi. Deylik, telefoningiz ekranining bir burchagida ozgina chatnagan iz bor. Agarda shu holida uning boshqa bir qismi, masalan, kamerasi yaxshi ishlamayotgan bo‘lsa ham, servis markazida unga kafolat xizmati ko‘rsatishmaydi. Sababi oddiy – ekrandagi chatnash smartfonni siz yerga tushirib yuborganingiz yoki qattiqroq biror narsaga urib olganingizni anglatadi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, kamerasi ham o‘shanda buzilib qolgan – unga servis xizmati ko‘rsatishni esa ishlab chiqaruvchi o‘z zimmasiga olmaydi.
  4. Devaysingizning dasturiy ta’minotiga, operatsion tizimiga nolegal o‘zgartirish kiritilmagan bo‘lishi lozim. Masalan, smartfonga root huquqi olingan bo‘lsa, ishlab chiqaruvchi unga servis xizmati ko‘rsatishni rad etishga haqli. Zero, shu kabi o‘zgartirishlar qurilmaning ayrim qismlari yoki operatsion tizimi ishdan chiqishiga olib keladi va bunday hollar uchun Samsung mas’ul bo‘lmaydi.

O‘QING: Android’dagi root huquqi nima va undan qanday foydalaniladi?

  1. Servis markaziga olib borilgan hech bir qurilmaning o‘zi yangisiga almashtirib berilmaydi, balki uning nuqsonli qismi (kamera, ekran, USB-port yoki boshqa joyi) yangisiga almashtiriladi, xolos.
  2. Kafolat bo‘yicha servis xizmati ko‘rsatilishi uchun, siz nuqsonli, ammo yuqoridagi talablarga mos keluvchi qurilmangizni servis markazida qoldirib ketishingiz kerak bo‘ladi. Ya’ni, uni shu zahotiyoq tuzatib yoki ishlamayotgan qismini almashtirib bera olishmaydi. Qancha muddatga qoldirish kerakligi esa gadjetning nuqsoni qay darajada ekanligidan kelib chiqib, servis markazining o‘zida ma’lum qilinadi.

Aziz muxlislar, avvalo, telefoningiz, planshet yoki boshqa biror gadjetingiz buzilib qolmasligini tilaymiz. Lekin hayotda har xil vaziyatlar uchraydi – agarda Samsung mahsuloti bo‘lgan biror devaysingiz kafolat muddati o‘tmasidan turib biror «ishkal»i chiqib qolsa, yuqoridagilarni yodda tuting. Shuningdek...

O‘QING: Xizmat ko‘rsatish markazlarida sizni qanday qilib laqillatishadi?

Yaqin orada boshqa ishlab chiqaruvchilarning servis markazlarida kafolat bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar va ularning shartlari haqida ham ma’lumotlar beramiz, bizdan uzoqlashmang.