Samsung va Apple uddalay olmagan texnologiya Nokia flagmaniga joriy etiladi!

  •   DiMaX
  •  1751
  •  14.03.2018 09:26

Samsung va Apple uddalay olmagan texnologiya Nokia flagmaniga joriy etiladi!

HMD Global kompaniyasi Nokia brendini «tiriltirib», bir nechta modellarda smartfonlar va tugmachali telefonlar taqdim etishga ulgurdi. Ammo uning yetakchi smartfonsozlar flagmanlari bilan chinakamiga bellasha oladigan qurilmasi hali oldinda.

O‘QING: Nokia 6 (2018): arzon, kuchli smartfon taqdim qilindi

Nokiapoweruser portalining xabar qilishicha, kompaniyaning navbatdagi yetakchi smartfoni Samsung Galaxy S9 va iPhone X flagmanlarida ham mavjud bo‘lmagan texnologiya bilan boyitiladi. Ya’ni, Nokia 9 modelida barmoq izi skaneri bevosita displeyning o‘ziga integratsiya qilinadi.

Mazkur texnologiyani dastlab Vivo X20 Plus UD smartfonida xitoyliklar uddalashgan. Joriy yilda Nokia 8 Pro hamda Nokia 9 modellarida ham shu yechimga guvoh bo‘lamiz, deyiladi xabarda. Mazkur ikki gadjet ham Qualcomm Snapdragon 845 protsessori va eng yaxshi texnik ta’minotga ega bo‘ladi. Ekrandagi barmoq izi skaneridan tashqari, ularga foydalanuvchini qiyofasidan tanish funksiyasi ham tatbiq etiladi.

Oldinroq «sizib chiqqan» xabarlarga ko‘ra, Nokia 9 modeliga LG kompaniyasi ishlab chiqargan, chekkalari qayrilgan, diagonali 5,5 dyuymlik OLED-ekran o‘rnatiladi.

O‘QING: Orziqib kutilayotgan Nokia 9’ni «jonli» suratlarda ko‘ramiz!

Xitoydagi manbalarga ko‘ra, Nokia smartfonlaridan biriga naq beshta ob’yektivli, ZEISS linzalariga ega asosiy kamera o‘rnatiladi. Bu aynan qaysi model bo‘lishi borasida aniq ma’lumot yo‘q, faqat taxminlar mavjud. Dastlab u Nokia X yoki Nokia 10 deb nomlanishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Keyinroq esa «revolver» kamerali smartfon Nokia 8 Sirocco bo‘lishi va u MWC 2018’da taqdim etilishini aytishgan. Barselonadagi ko‘rgazmada chindan ham ushbu nomdagi smartfon rasman namoyish etildi, lekin u penta-kameraga ega emas edi.

Xullasi kalom, HMD Global kompaniyasining ZEISS linzali va beshta modulli kameraga ega smartfoni Nokia 9 yoki boshqa model bo‘lishi mumkin. Ular joriy yilning sentyabrida Berlinda bo‘lib o‘tadigan IFA ko‘rgazmasida namoyish etilishi kutilmoqda. Ungacha hali ancha vaqt bor, shu orada inqilobiy Nokia smartfonlari xususida boshqa tafsilotlar chiqib qoladi, bizdan uzoqlashmang.

O‘QING: Nokia 10’ning beshtalik kamerasi qanday ishlashini Carl Zeiss videoda ko‘rsatib berdi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!