Sony smartfonlar kameralari uchun innovatsion sensor yaratdi

  •   DiMaX
  •  1040
  •  23.07.2018 15:16

Sony smartfonlar kameralari uchun innovatsion sensor yaratdi

Mobil qurilmalar uchun fotografiya modullarini ishlab chiqaruvchi Sony kompaniyasi IMX586 nomli, yangicha turdagi CMOS-sensorni namoyish qildi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, o‘z o‘lchami bo‘yicha rekord darajadagi tasvir aniqligiga ega yangi ishlanma professional – «ko‘zguli» fotokameralarning modullari bilan raqobatlasha oladi.

O‘QING: Fotokamera qarshisida halokat yoki selfi nega taqiqlanmoqda?

E’lon qilingan xususiyatlariga ko‘ra, IMX586 moduli dunyodagi eng mayda – atigi 0,8 mikrometrlik pikselga ega. Bu – diagonali 8 millimetrlik standart modulda 8000x6000 (48 megapiksel) aniqlikdagi suratlar olish mumkin, deganidir. Odatda piksel o‘lchamining kichraytirilishi suratga olish sifatiga salbiy ta’sir etadi, zero, unga kamroq yorug‘lik tushadi. Ammo Sony muhandislari buning ham chorasini topishdi – piksellarni Quad Bayer deb nomlanuvchi sxema bo‘yicha joylashtirishdi. Yonma-yon joylashgan to‘rtta piksel bir xil rangda bo‘ladi – kam yoritilgan sharoitda ularning signali o‘zaro qo‘shilib ketadi, natijada surat sifatli chiqadi.

Bundan tashqari, Sony’ning va’da qilishicha, signalni qayta ishlash va ekspozitsiyani kamera modulining o‘zidayoq boshqarish texnologiyasi evaziga suratlar yuksak sifatda bo‘ladi. Bu esa sensorning dinamik diapazonini to‘rt karraga oshirish imkonini beradi.

Yangi modul savdoga joriy yilning sentyabrida chiqariladi, ammo Sony IMX586 sensoriga ega smartfonlarning bozorga chiqish vaqti hozircha noma’lum.

O‘QING: Mi A2 kamerasida olingan ilk surat e’lon qilindi