Taqdim etilmagan Xiaomi Mi A2 allaqachon sotuvga qo‘yildi: jihatlari, narxlari va savdoga chiqish vaqti aniq!

  •   DiMaX
  •  8367
  •  18.06.2018 18:23

Taqdim etilmagan Xiaomi Mi A2 allaqachon sotuvga qo‘yildi: jihatlari, narxlari va savdoga chiqish vaqti aniq!

«Xitoycha Apple» joriy yilda Black Shark geymerofoni hamda Mi 8 flagmanlaridan tashqari, bir qator hamyonbop smartfonlarini taqdim etdi. Garchi o‘zi ma’lum qilmagan esa-da, tez kunlarda uning yana bitta modeli taqdimotga tayyor bo‘lib turibdi.

O‘QING: Xiaomi ko‘rsatmagan Redmi 6 Pro’ning yoqiq holdagi suratlari ko‘p narsani fosh etdi

Ammo Xiaomi fanatlari anchadan beri kutayotgan Mi A2 modelining yaqin orada chiqish-chiqmasligi biroz bahsli bo‘lib kelayotgan edi. Bugun – 2018 yilning 18 iyunida bu masalaga tasodifan oydinlik kiritildi – mazkur modelni bir yarim oy ichida rasman taqdim etishadi.

Gap shundaki, Shveysariyaning yirik elektronika do‘koni – digitec.ch sayti hali rasman namoyish etilmagan Xiaomi Mi A2 smartfonini «sotuvga qo‘ydi»! Bu bilan ushbu qurilmaning asosiy texnik xususiyatlari, barcha modifikatsiyalarining narxlari va hatto savdoning boshlanish sanasi ham fosh bo‘ldi.

Kutilganidek, «xitoycha Apple»ning Mi A2 smartfoni Android One modellar qatoriga mansub bo‘ladi. Bu telefon 2,2 GGs takt chastotasida ishlovchi 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 660 protsessori bazasida ishlaydi. Adreno 512 rusumli grafik tezlatgich esa tasvirlarni tezkor uzatishda ko‘makchi bo‘ladi. Smartfonning 5,99 dyuymlik IPS-ekrani tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda, displeyning tasvir aniqligi esa 2160x1080 pikselga teng (Full HD+ formati).

O‘QING: Xiaomi Mi A2 Geekbench’da ham «ko‘rindi» – u ertagayoq namoyish etilishi mumkin!

Xiaomi Mi A2 asosiy kamerasi qo‘shaloq bo‘lib, 20 va 12 megapikselli ob’yektivlarni va LED-chaqnoqni o‘z ichiga oladi; ular iPhone X dizaynida – yuqori chap burchakda tikka joylashadi. Selfichilar ham xursand bo‘lsalar arziydi – bu smartfonning old kamerasi ham 20 megapikselli ekan.

Bulardan tashqari, yangi model zamonaviy USB Type-C porti, Quick Charge 3.0 tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega bo‘lgan 3010 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan ham jihozlangan. Orqa panelda esa an’anaviy tarzda daktiloskopik datchik o‘rin olgan. Simsiz interfeyslardan Wi-Fi 802.11ac, Bluetooth 5.0, A-GPS hamda 4G VoLTE modullariga ega. Unda kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish uchun NFC moduli bo‘lish-bo‘lmasligi esa hozircha noma’lum. Infraqizil port masalasida ham bir nima deyish qiyin, ayniqsa, Xiaomi o‘zining so‘nggi hamyonbop smartfonlari undan mosuvo etilganini aytmaganidan keyin...

O‘QING: Redmi 6 va 6A’ning Xiaomi yashirgan asosiy kamchiligi fosh bo‘ldi!

Shuningdek, ikkita SIM-karta bilan ishlay oluvchi bu modelda microSD uchun uyacha ham bo‘lmaydi, smartfonning ichki xotirasi bilan cheklanishga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, tezkor va doimiy xotirasi hajmiga qarab Mi A2 narxlari ham o‘zaro farqlanadi. Jumladan, Shveysariyada uning 4/32 GB xotirali boshlang‘ich konfiguratsiyali varianti 289 dollar turadi. 4/64 gigabaytlik talqini uchun 329 dollar so‘ralayotgan bo‘lsa, 6/128 gigabayt hajmli ilg‘or modifikatsiyasi naq 369 dollarga tushadi. Ancha qimmat, deysizmi? To‘g‘ri, ammo bu narxlar Shveysariya uchun-da, bizga balki arzonroq kelib qolar – bundan o‘z vaqtida boxabar bo‘lish uchun bizni kuzatishda davom eting.

Darvoqe, internet-do‘kon bergan ma’lumotga ko‘ra, Yevropa bo‘ylab Xiaomi Mi A2 savdosi 2018 yilning 8 avgustida boshlanadi. Demak, uning taqdimoti iyulning oxirlarida bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Uni uch xil – qora, moviy va tillarang korpuslarda xarid qilish imkoni bo‘ladi.

Hozircha esa, «xitoycha Apple»ning ayrim modellardagi smartfonlarini O‘zbekistonda ham rasmiy kafolat bilan xarid qilsa bo‘ladi. Jumladan, o‘zimizning «Terashop.uz» onlayn do‘konimizdan ularni naqd pulsiz to‘lov usullari orqali ham olishingiz mumkin.

O‘QING: 820 000 so‘mdan boshlangan Xiaomi smartfonlari narxlari (2018 yil 11 iyun) – Terashop.uz’dagi xaridingiz O‘zbekiston bo‘yicha yetkazib beriladi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!