Taqdimotidan avval OnePlus 5T’ni sotuvga qo‘ygan sotuvchi uning sirlarini ham «sotib qo‘ydi»

  •   DiMaX
  •  1289
  •  25.10.2017 10:07

Taqdimotidan avval OnePlus 5T’ni sotuvga qo‘ygan sotuvchi uning sirlarini ham «sotib qo‘ydi»

OnePlus kompaniyasi shu yilning 20 iyun kuni navbatdagi flagmani 5,5 dyuymli OnePlus 5 modelini rasman jamoatchilik e’tiboriga havola qilgan edi. Uning shundan keyingi chiqariladigan modeli – OnePlus 5T haqida, uning xususiyatlari to‘g‘risida insayderlar ko‘p ma’lumotlar chiqarishgan bo‘lsa-da, hali u rasman taqdim etilganicha yo‘q. Shunga qaramay, OppoMart riteyleri saytida bu smartfon allaqachon savdoga qo‘yilgan.

Ta’kidlash kerakki, OppoMart – xitoydagi OnePlus kompaniyasining rasmiy onlayn-do‘koni emas, balki mustaqil riteyler hisoblanadi. Uning saytida OnePlus 5T modeliga 549 AQSh dollari narxida oldindan buyurtma berish taklif etilmoqda.

Shu tariqa, bu sotuvchi OnePlus 5T qurilmasining xususiyatlarini ham «sotib qo‘ydi». Agar OppoMart saytidagi ma’lumotlarga ishonadigan bo‘lsak, OnePlus 5T diagonali 6 dyuymli, Full HD+ sifatli (2160x1080 pikselli) Optic AMOLED-displeyga ega. Oxirgi trendga mos tarzda, uning ekrani tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda. Smartfonga Sony IMX398 va IMX350 sensorlari bazasidagi 20+16 MP sig‘imli qo‘sh ob’yektivli asosiy kamera o‘rnatilgan. Uning selfi-kamerasi ham baquvvat – Sony IMX371 bazasidagi 16 megapikselli modul. OnePlus 5T «yuragi» bo‘lib Qualcomm Snapdragon 835 protsessori xizmat qiladi. Devaysning tezkor xotirasi 6 yoki 8 gigabayt, ichki flesh-xotirasi esa 64 yoxud 128 gigabayt hajmga ega.

Hali rasman namoyish etilmay turib savdoga chiqarilgan qurilmaning o‘lchamlari 157x75,4x7,25 millimetrga, vazni esa 164 grammga teng. Akkumulyatori 3450 mA/soat sig‘imli bo‘lgan ushbu gadjet Android 7.0 Nougat operatsion tizim boshqaruvi ostida ishlaydi.

OnePlus 5T shu yilning oxirigacha taqdim etilib, sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.