Tarixda birinchi bor: Isroil kiberhujumga aviazarba bilan javob berdi!

  •   DiMaX
  •  1247
  •  06.05.2019 14:45

Tarixda birinchi bor: Isroil kiberhujumga aviazarba bilan javob berdi!

Isroil armiyasi o‘tgan dam olish kunlari Xamas boshlagan kiberhujumni to‘xtatganini e’lon qildi. Bayonotga ko‘ra, isroilliklar raqamli hujum amalga oshirilgan G‘azo mintaqasidagi binoga havodan ham hujum uyushtirishgan.

O‘QING: Yandeks xaritasi Turkiya va Isroilning harbiy ob’yektlarini yashirishga urinib, aksincha – fosh etib qo‘ydi!

Umuman, keyingi paytlarda Isroil va Xamas orasidagi munosabatlar ancha keskinlashgan, o‘tgan shanba-yakshanba kunlari esa har ikki tomon bir-biriga qarshi havodan hujumlar uyushtirgan. Shanba kungi jang payti Isroil armiyasi Xamasning kiberhujum ham boshlaganini ma’lum qilgan. Uning aynan qanaqa hujum ekani aniq aytilmayotir, ammo The Times of Israel nashriga ko‘ra, xamaschilar Isroil fuqarolarining hayot sifatiga ziyon yetkazishga urinishgan.

Bu – kiberhujumga qarshi real vaqt rejimida harbiylar jismoniy hujum uyushtirgan tarixdagi ilk voqeadir. To‘g‘ri, 2015 yili AQSh harbiylarining yozuvlarini internetda tarqatganidan so‘ng IShIDga hujum qilingan, ammo bu real vaqt rejimida amalga oshirilmagan. Xamasning kiberhujumiga Isroil reaksiyasi esa ziddiyatning faol davrida raqamli hujumga javoban qilingan ilk harbiy amaliyot sifatida tarixga kirdi.

Ushbu voqea va uning mohiyati hali kelajakda ham jiddiy savollar tug‘diradi. Urush olib borilishining umumiy tamoyili va xalqaro insonparvarlik qonunlariga ko‘ra, hujumga qarshi javob harakati proporsional bo‘lishi lozim. Buning ustiga, isroilliklar o‘zlari ham tan olib turishibdi – kiberhujumni aviahujumdan avval to‘xtatib ham ulgurishgan ekan, unda havodan haqiqiy hujum uyushtirishning nima keragi bor edi!?

Nima bo‘lganida ham, bu – urushning zamonaviy shakllari rivojlanayotgani haqida tashvishli signaldir.

O‘QING: Zamonaviy yadro urushi qanday oqibatlarga olib keladi