Telefon tutgan o‘quvchi: undan yoki ota-onasidan o‘qituvchi iltimos qilishi kerakmi?

  •   DiMaX
  •  1834
  •  04.04.2019 17:12

Telefon tutgan o‘quvchi: undan yoki ota-onasidan o‘qituvchi iltimos qilishi kerakmi?

O‘zbekiston ta’lim muassasalarida telefondan foydalanish taqiqlanadi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 21 maydagi «O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan, deb yozadi O‘zA.

O‘QING: Maktab yoki universitetda uyali telefon ishlatganlarga qanday jazo beriladi?

Yuqoridagi qarorga ko‘ra, ta’lim oluvchi, xodimlar, shu jumladan o‘qituvchilar va boshqa shaxslar muassasaga kirishdan oldin telefonini o‘chirib qo‘yishi yoki ovozsiz rejimga o‘tkazishi shart.

O‘quvchilarga mashg‘ulotlar va tadbirlar oralig‘ida faqat asosli va kechiktirib bo‘lmaydigan zarur holatlarda ota-onasi, yaqin qarindoshlari, maktab rahbarlari yoki xodimlari bilan bog‘lanish maqsadida telefondan foydalanishga ruxsat etiladi.

Favqulodda vaziyatlar vujudga kelgan taqdirdagina ta’lim muassasalarida telefondan foydalanish cheklanmaydi.

Xo‘sh, bugun bu qoidalar amaldami?

Maktabda telefondan foydalanmaslikni ota-onalarga ham, o‘quvchilarga ham ko‘p aytganmiz, – deydi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Shahlo Ixlosova. – Afsuski bahona ko‘p. Biri uyim uzoq, deydi, biri uyda yolg‘iz, xabar olib turishimiz kerak, deydi. Hali ham boshlang‘ich sinf o‘quvchilari hozircha gapimizga quloq tutadi, yuqori sinfga o‘tishsa nima bo‘ladi, bilmadim. O‘quvchilarimning telefoni sinfga kirganidan olib qo‘yaman, ketayotganida beraman. Lekin bu yechim emas.

Qat’iy talablarga amal qilinmas ekan, o‘quvchilar va talabalar dars paytida yoki o‘quv binosida bemalol telefondan foydalanaveradi.

O‘g‘lim 9-sinfda o‘qiydi, – deydi Gulbahor Xoliqulova. – Telefon olib bermagunimizcha holi-jonimizga qo‘ymadi. Nima emish, hamma o‘rtoqlarida telefon bor emish. Ishlatmasa bo‘lmasmish. Dars vaqtida ishlatmaslikni qattiq tayinlaymiz. Lekin ustozining aytishicha, har doim ham bunga amal qilmas ekan. Uyda ham topib olgan ishi telefon. Koyisam «telefondan kitob o‘qiyapman», deydi. Hayronman.

O‘QING: DIQQAT: yoningizdagi smartfon aqlingizni pasaytiradi!

Amerikalik olimlar maktab o‘quvchilarining telefonga qanchalik mukkasidan ketganini ilmiy jihatdan o‘rgangan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘quvchilar har 10 daqiqada qo‘liga telefonini oladi. Endi tasavvur qilib ko‘ring, dars vaqtida bolaning xayoli necha marta bo‘linadi.

Shved professori Leyf Selfordning fikricha, hozirgi avlod o‘smirlari mobil telefondan foydalanishi sababli erta qariy boshlar ekan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ta’lim muassasalaridagi holatni kim tasvirga olayapti? O‘quvchilar, albatta. Buni oqlaydiganlar ham bordir, ehtimol.

Bunday nojo‘ya harakatlarni videoga olish chegaradan chiqadigan mutaxassislarni ozgina bo‘lsa ham cho‘chitib turadi, deyishingiz ham mumkin.

Tanganing ikkinchi tomoni ham bor. E’tibor berilsa, o‘qituvchi jon kuydirib dars berayapti. Bolalarning xayoli esa telefonda. Shunday soxta ta’lim olayotgan, shunchaki borib kelayotgan, lekin qiziq hodisani videotasvirga olayotgan farzandlarimizdan faxrlanayapmiz gohida. Ularning kelajagi haqida o‘ylamayapmiz.

Ikki yildan buyon telefon ishlataman, – deydi 11-sinf o‘quvchisi Farangiz Obidova. – Oyim qayerdaligimni bilib turish uchun olib bergan, tez-tez qo‘ng‘iroq qilib turadi. Ijtimoiy tarmoqlarda profilimga egaman. O‘yin ham o‘ynayman. To‘g‘risini aytganda darsimdan ham ko‘ra ko‘proq vaqtimni telefon oladi. Zararli ekanini, darsda ishlatish mumkin emasligini yaxshi bilaman. Ammo o‘rganib qolganman.

Xulosa o‘zingizdan.

O‘QING: Bugun «naushnik», ertaga quloq apparati…

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!