Telegram bloklansa ham unga kompyuterdan kirsa bo‘ladi!

  •   DiMaX
  •  2115
  •  25.03.2018 22:04

Telegram bloklansa ham unga kompyuterdan kirsa bo‘ladi!

Messenjerlar orasida Telegram o‘z foydalanuvchilarining yozishmalarini mustahkam shifrlashi, ularning maxfiyligini ta’minlashi bilan mashhur. Biroq ayni shu sababli Rossiya Federatsiyasi tez kunlar ichida bu messenjerni bloklashni rejalashtirgan.

O‘QING: Telegram’ni bloklashmoqchi, vaziyat jiddiy!

Saytimizga Rossiya hududidan ham kiruvchilar ko‘pligini, umuman, turli vaziyatlarda kerak bo‘lib qolishini o‘ylab, Telegram bloklangan taqdirda ham unga kirish yo‘llarini ma’lum etishga qaror qildik.

Foydalanuvchilar Telegram’ga asosan smartfondan kirishadi; Apple mobil aloqa qurilmalari uchun ham, «yashil robotchali» devayslar uchun ham uning tegishli ilovalari taqdim etilgan. Agarda messenjer bloklansa, to‘siqni «aylanib o‘tib» telefonda uni ochish yo‘llarini e’lon qilganmiz.

O‘QING: Telegram bloklansa ham iOS yoki Android-smartfondan unga kirish yo‘li bor!

Endi esa Telegram’dan kompyuter orqali foydalanuvchilar uchun yo‘riqnomalarni e’tiboringizga havola qilmoqdamiz. Aytish kerakki, bu usullar Windows hamda macOS operatsion tizimli qurilmalar uchun amal qiladi.

Xuddi smartfonlarda bo‘lgani kabi, kompyuter va noutbuklar orqali bu messenjerdan foydalanishda ham blokirovkani aylanib o‘tishning ikkita usuli mavjud.

1. Telegram Desktop’ni SOCKS5 protokoli orqali ochish

Smartfonda bo‘lgani kabi, Windows hamda macOS operatsion tizimlari uchun ishlab chiqilgan Telegram Desktop kliyentida ham SOCKS5 protokoli orqali kirish imkoni bor. Bu funksiyani faollashtirsangiz, internet-trafik «aylanma yo‘llar» orqali, ya’ni boshqa – bloklanmagan IP-manzil bilan ketadi. Natijada internet-provayder uni filtrlay olmaydi va messenjer bemalol ishlaydi.

Xullasi kalom, Telegram Desktop’da blokirovkani SOCKS5 protokoli orqali aylanib o‘tish uchun, SOCKS5 serverlari ro‘yxati berilgan biror saytga (masalan – HideIP) kirasiz. U yerda boshqalariga nisbatan tezkorroq serverning IP-manzilini va portini nusxalab olasiz.

O‘QING: IP manzil haqida

Keyin Telegram Desktop’ni ishga tushirib, uning sozlamalarini (yuqori chap burchakda uchta gorizontal chiziq shaklidagi menyu, keyin uning ro‘yxatidan «Settings» bandi) ochasiz. Uning oxirrog‘idagi, qo‘shimcha sozlamalarni anglatuvchi «Advanced Settings» bo‘limida ulanish turi – «Connection type:» bandi yonidagi yozuvni bosib, «TCP with custom socks-5-proxy»ni tanlaysiz.

Shu yerda ochilgan «Hostname» maydonchasiga boya nusxalab olganingiz – serverning IP-manzilini tashlaysiz va «Port» maydonchasiga unga tegishli port ko‘rsatkichini kiritasiz. Foydalanuvchi ismi va paroli maydonchalarini to‘ldirish shartmas. «Save»ni bosasiz va ulanish o‘rnatilishini kutasiz. Agarda Telegram yozishmalaringiz ochilmasa (bu ulanish amalga oshmaganini bildiradi), u holda boshqa bir serverning IP-manzilini va portini sinab ko‘rasiz.

SOCKS5 protokoli ma’lumotlarni shifrlangan shaklda uzatadi, shu bois Telegram Desktop’dagi yozishmalaringiz maxfiy qolishidan xavotir olmasangiz ham bo‘ladi.

O‘QING: Qanday qilib Telegram’ni buzib kirishdan himoya qilish mumkin

2. Brauzer orqali Telegram’ning veb-versiyasiga kirish

Telegram jamoasi mazkur messenjerga dunyoning istalgan joyidan, hatto kliyent o‘rnatilmagan qurilma orqali ham kirish imkonini taqdim etgan. Bu – https://web.telegram.org/ manzili orqali messenjerning veb-versiyasiga istalgan brauzer yordamida kirish usulidir.

Agarda Telegram bloklansa, brauzerda biror anonimayzer orqali yuqoridagi manzilni ochib, unda messenjerdagi o‘z profilingizga kirib, foydalanaverishingiz mumkin. Faqat foydalanib bo‘lgach, oxirida Menyudagi sozlamlar («Settings») bandiga kirib, uning oxiridagi akkauntdan chiqish («Log out») tugmachasini bosib chiqib ketishni unutmang.

Agarda Chrome brauzeridan foydalanadigan bo‘lsangiz, unga friGate CDN kengaytmasini o‘rnatib olsangiz ham bo‘ladi. Shuningdek, anonimlikni ta’minlovchi boshqa brauzerlarni o‘z kompyuteringizga o‘rnatib qo‘ysangiz ham zarar qilmaydi.

O‘QING: Internetdagi anonimlik uchun maxsus brauzerlar

Telegram bloklangan taqdirda ham unga smartfondan yoki kompyuterdan kirish usullarini o‘rganib olishlari uchun ushbu maqolalarimizni do‘stlaringizga ham ulashing!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!