«Uchib» ishlovchi Windows Lite (yoki Lite OS) operatsion tizimi qachon chiqadi?

  •   DiMaX
  •  815
  •  04.05.2019 13:15

«Uchib» ishlovchi Windows Lite (yoki Lite OS) operatsion tizimi qachon chiqadi?

Microsoft kompaniyasi ommabop Windows operatsion tizimining nisbatan kuchsiz kompyuter va noutbuklarda ham bemalol ishlovchi – yengillashtirilgan versiyasini tayyorlayapti. Uning Windows Lite, Windows 10 Lite yoki Lite OS deb nomlanishi kutilayotir.

O‘QING: Windows o‘rniga Lite OS – shu bahordayoq Microsoft yangi operatsion tizimni namoyish etadi!

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Microsoft’ning ichki doiralarida ushbu operatsion tizim Windows Lite deb nomlanmoqda. Ammo kompaniya uning taqdimotini keyinga surishga majbur bo‘lmoqda, deb yozadi WindowsCentral nashri. Buning sababi esa yangi tizim ilovalarini Win32 turiga moslashtirish ishlari juda sekin ketayotganidir.

Manbaga ko‘ra, Windows Lite hali joriy yilning oxiridagina tayyor bo‘lishi mumkin, unda ham yopiq test dasturi ishtirokchilariga tarqatiladi. Tizimning ommaviy taqdimoti esa 2020 yilning ikkinchi choragidagina amalga oshirilishi mumkin.

Windows Lite operatsion tizimini o‘rnatish mumkin bo‘lgan ilk qurilmalar esa Microsoft kompaniyasining Surface Go hamda Surface Pro 6, shuningdek, ulardan keyingi Surface modellari bo‘ladi.

O‘QING: Microsoft o‘zining Surface Go plansheti reklamasida Apple iPad’ni masxara qildi! (+video)

Yengillashtirilgan operatsion tizim ikkita ekranli qurilmalarga, shuningdek, kuchsiz protsessorga va kichikroq tezkor xotiraga ega bo‘lgan planshetlar va noutbuklarga moslashtiriladi. Xabarlarga ko‘ra, Microsoft uni alohida operatsion tizim sifatida chiqarmaydi, balki Windows Lite tegishli qurilmalarga o‘rnatilgan holida tarqatiladi.

Windows Lite asosida Composable Shell grafik qobig‘i hamda Core OS yadrosi yotadi – ular birgalikda mazkur platformaning turli qurilmalarga moslashuvchi modulli tarkibga ega bo‘lishini ta’minlaydi.

O‘QING: Windows’ni fleshkaning o‘ziga o‘rnatib olib, istalgan kompyuterda ishga tushiramiz!